Amerikada o’zbek tili va adabiyotining jonkuyar targ’ibotchisi

Mavlon SHUKURZODA

Taniqli tilshunos olim, professor Xayrulla Ismatullani xotirlab

Amerikada o‘zbek tili va adabiyotining targ‘ibotchisi, taniqli filolog olim, uzoq yillardan beri Qo‘shma Shtatlarda amerikalik talabalarga o‘zbek tilidan dars berib kelgan professor Xayrulla Ismatulla to‘g‘risida ilgari ko‘p eshitgan edim. Men u kishi bilan birinchi marta 2001-yili Amerikada, Indiana universitetida uchrashganman. Bizni professor Nazif Shahroniy tanishtirgan edilar. O‘shandayoq Xayrulla Ismatulla kamgap, o‘tkir fikrli, chuqur mushohada yuritadigan inson bo‘lib ko‘rindilar. Jurnalistikaga biroz daxldorligimni bilgan Xayrulla aka o‘zbek jurnalistikasining bugungi ahvoli xususidagi fikrlarini bildirgan edilar. Shundan keyin universitet kutubxonasida bir necha bor uchrashib, gurunglashdik. Har bir uchrashuvda men milliy madaniyatimiz, tariximiz va adabiyotimizga oid yangi gaplarni eshitar, o‘zim uchun ko‘p yangiliklar kashf qilar edim. Chunki Xayrulla aka yaqin o‘n yil davomida Amerikadagi katta-kichik kutubxona va muzeylarda turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek madaniyati, adabiyoti va tarixiga daxldor ko‘p hujjat va daliliy ashyolar bilan yaqindan tanishib chiqishga ulgurgan ekanlar. Shunday suhbatlar mening O‘zbekiston matbuotidagi maqola va intervyularimga asos bo‘ldi, ular asosan «Milliy tiklanish», «Hurriyat», “Fidokor”, «Markaziy Osiyo madaniyati» kabi gazetalarda bosilib chiqdi.

***

Xotira…

Indiana Universiteti

Xayrulla Ismatulla AQSHga 1990-yili Indiana universiteti Yevroosiyo tadqiqotlar bo‘limi taklifi bo‘yicha keladi. Universitetda talabalarga o‘zbek tilidan dars bera boshlaydi va ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanadi. 2002-yilning kuzida Xayrilla aka AQSHdagi Viskonsin universitetiga Osiyo tillari va madaniyatlari bo‘limi o‘qituvchisi bo‘lib ishga o‘tadi. 18 yil xorijda yashab, o‘zbek va ingliz tillarida e’lon qilingan o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘ndan ortiq kitoblar, yuzlab maqolalar muallifi bo‘ladi. Ko‘p qirrali ilmiy izlanishlar, g‘urbatdagi hayot tashvishlari, qolaversa ilgari sovetlar qamoqxonasida ko‘rgan azoblari olimning sog‘ligiga o‘z ta’siririni o‘tkazmay qo‘ymaydi. Keyingi paytda domlaning sog‘liqlari yomonlashadi, ammo Xayrulla aka bunga ahamiyat bermay, umrlarining oxirgi pallasigacha ilmiy ishini davom ettiradi. U hali yana ko‘p izlanishlar qilishga qodir bo‘lishiga qaramay 2008-yilning 24 avgustida u vafot etadi. O‘n kun oldin domla 71 yoshini nishonlagan edi… Xayrulla Ismatulla Viskonsin shtatining Medison shahrida, musulmonlar qabristonida dafn etiladi. Olimni yaxshi bilganlar uni so‘zi va qalami o‘tkir, o‘z fikriga ega, qomusiy bilim sohibi, ajoyib va shu bilan birga, murakkab shaxs deya hurmat bilan tilga oladilar. Xayrulla Ismatulla qo‘lida bilim olgan yoshlar bugun dunyo kezib, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Olim bitgan darslik va qo‘llanmalar nafaqat AQSH, balki Yevropada ham yuqori baholanadi…

Hayotning murakkab so‘qmoqlari

Xayrulla Ismatulla 1937-yili Toshkentda sharqshunos olim oilasida tug‘iladi. II Jahon urushi yillarida yetim qolgan Xayrulla qarindoshlari qo‘lida katta bo‘ladi. 1960-yilda Toshkent Davlat chet tillar institutini (hozirgi O‘zbekiston Jahon tillari universiteti) tamomlab, Toshkent Davlat universitetining Turkologiya fakultetida ish boshlaydi. Hayrulla Ismatulla 1974 yili Sovet hukumatiga qarshi harakat va korruptsiyada ayblanib, qamoqqa olinadi. To’qqiz yil panjara ortida o’tirib 1983 йилнинг ohirida ozod etiladi. Keyinchalik u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutining ilmiy xodimi vazifasida ishlaydi, ilmiy izlanishlar olib borib, bir nechta kitob chop etadi. Lekin maxsus idoralarning doimiy kuzatuvi va cheklashlar uni 1990-yili vatandan chiqib ketishiga majbur qiladi. 1990-yildan AQSHda istiqomat qilgan olim, mustaqillikka erishgan O‘zbekiston va o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati, qadriyatlari bilan g‘arbliklarni tanishtirgan inson edi. U Markaziy Osiyo uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan manbalar va G‘arbning ilg‘or qadriyatlari bilan o‘zbek xalqini oshno etgan, Cho‘lpon va Fitrat asarlarini ommaga yetkazishga intilgan. Domlaning ikki jildlik «O‘zbek tili» darsligi Amerikaning ko‘p institutlarida, jumladan, AQSH diplomatlarining til institutida ham foydalaniladi.

* * *

Quyida e’tiboringizga Amerikada ko‘p yillar ishlagan filolog olim, AQSHda chop etilgan ikki tomlik «O‘zbek tili darsligi» muallifi professor Xayrulla Ismatulla bilan 2001–2002-yilarda bo‘lib o‘tgan suhbatimizdan ayrim lavhalarni havola qilmoqchiman. Matn bevosita Xayrulla Ismatulla tilidan bayon etiladi.

Amerikaliklarning o‘zbek tilini o‘rganish sabablari

«Amerikaliklar o‘zbek tilini o‘rganishni, asosan, o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlashgan, o‘sha yillarda Indiana universitetida o‘zbek tili bo‘limi ochilgan. Avval bu O‘rolshunoslik va Oltoyshunoslik tadqiqotlar bo‘limi deb atalardi. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘rol va Oltoy mintaqasini, ya’ni turkiy xalqlarni o‘rganish bo‘lgan. Albatta, bunda geosiyosiy maqsadlar ham ko‘zda tutilgan. Sovetlar hukmronligi davrida O‘rta Osiyo Yevropa davlatlari tomonidan kam o‘rganilgan. Mintaqani eng ko‘p o‘rgangan dargoh Indiana universitetining ushbu fakulteti edi. Bu fakultet 1991-yildan Yevroosiyo tadqiqotlari bo‘limi deb atalgan». Hozirgi kunda o‘zbek tiliga qiziqish kuchli. Sababi O‘zbekistonning mintaqadagi tarixiy o‘rni, boy milliy qadriyatlari va katta xomashyo resurslariga ega bo‘lganligi, albatta.

Amerika olimlarining O‘zbekiston va uning tarixiga oid asarlari xususida

AQSH universitetlarida va turli ilmiy tadqiqot markazlarida O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston bo‘yicha keng ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Zbignev Bzejinskiy, Frederick Starr, Edvard Ollvort, Marta Bril Olkott, N. Karpat, Mark Katz, Jon Shoberlayn, Bill Feyrman, Martin Spechler, Zino Baran va boshqa mashhur olimlar bu mavzuda juda ko‘p maqola va asarlar yozganlar. Edvard Ollvort AQSHdagi mashhur Kolumbiya universiteti Sovet markazining rahbari, Sovet turkiylari bo‘limining professori, O‘rta Osiyoni o‘rganish markazi mudiri va SSSRda millatlar muammosi bo‘limining direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan olim. U Fitrat, Behbudiyning ayrim asarlarini o‘tgan asrning 30-yillari oxirida ingliz tiliga tarjima qilgan. 1989-yili E. Ollvort «O‘rta Osiyo – rus hukmronligi ostida 120 yil» kitobini nashr qildi, «Hozirgi o‘zbeklar» kitobi 1990-yili chop etildi…

Millatdoshim va do‘stim professor Nazif Shahroniy haqida

Amerikalik olimlar orasida men vatandosh va millatdoshimiz, boburiyzoda Nazif Shahroniy to‘g‘risida alohida gapirmoqchiman. AQSHning Sarakuza universiteti nashriyotida chop etilgan «Davlat, din va etnik siyosatlar» (1986-y., 390-bet) to‘plamiga kirgan «Afg‘onistonda davlat qurilishi va ijtimoiy parchalanish» ishi muhimligi va qamrab olgan davri jihatidan uning boshqa ilmiy ishlaridan ajralib turadi. N. Shahroniy bu asarining «1500–1747-yillarda feodalizmning taraqqiyoti» qismida Hirotdagi Temuriylar saltanati, Muhammad Shayboniyxon, Boburiylar davlati xususida fikr yuritadi. Mazkur ishning «1880–1955-yillarda Afg‘onistonda bufer davlatining yaratilishi va mustahkamlanishi» deb nomlangan qismi alohida e’tiborga loyiq. O‘zbek olimi mustamlakachi davlatlar bo‘lgan Rossiya va Angliyaning XIX asrning ikkinchi yarmida Afg‘onistondagi «o‘yin»larini ko‘rsatib berishga harakat qilgan. Bu masalaning biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Rossiyaning o‘sha davrdagi rejasi O‘rta Osiyo jumhuriyatlarini, Turkistonni to‘la o‘z mustamlakasiga, Afg‘onistonni esa «bufer» zonaga aylantirish edi. Tarixdan ayonki, Rossiya o‘z mash’um rejasini ortig‘i bilan amalga oshirgan. Nazif Shahroniy mazkur ishida Afg‘oniston misolida bu tarixni haqqoniy yoritishga intilgan.

Uning «Musulmon Sovet O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida o‘zlikni idrok etishning tadrijiy o‘sishi» (1985), «Hozirgi Afg‘oniston va Turkistonda islom ta’limoti va ijtimoiy betaraflik» (Kembrij, 1991) tadqiqotlari ham bizdagi ijtimoiy taraqqiyotni o‘rganishga bag‘ishlangan. Ma’lumingizki, XX asrning 20–30-yillarida tarix sahnasiga chiqqan Turkiston fidoyilari «bosmachilar» deb atalardi. Natijada, ular to‘g‘risida haqiqiy ma’lumotlar kam, Nazif Shahroniy esa bu sohada bir qator ishlar yaratgan. 20-yillarning oxiri va 30-yillarning birinchi yarmida O‘rta Osiyoda majburiy kolxozlashtirishga qarshi chiqqan o‘shlik o‘zbeklardan Rahmonqulixon sovet tarixida «so‘nggi bosmachi» deb yuritiladi. 30-yillar o‘rtalarida sovet qo‘l ostidagi hududlarni tashlab, ozodlik istab avval Xitoy Turkistoniga, 1939-yili Afg‘onistonga qarashli Pomir tog‘lari orqali Pokistonga va nihoyat 1949-yili Turkiyaga ketishga majbur bo‘lgan Rahmonqulixonning tarixi bo‘yicha ham eng ko‘p ilmiy ishlar va xujjatli film yaratgan N.Shahroniy bo‘ladi. Men u bilan universitetda ko‘p yillar yonma-yon ishlaganimdan g‘ururlanaman. Umuman, Nazif Shahroniy bilan alohida suhbatlashsangiz, u kishining naqadar chuqur ilm egasi ekanligiga, ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimligiga tan bermay ilojingiz yo‘q…

AQSH universitetlarida o‘zbek tiliga qiziqish

Hozirgi kunda o‘zbek tili Indiana universitetidan tashqari, Pensilvaniya, Kolumbiya, Vashington-Sietl, Los-Anjeles, Viskonsin, Michigan va Chikago universitetlarida o‘rganilyapti. Amerika ta’lim tizimida, talab bo‘lmasa, universitetda bitta ham o‘rin ochilmaydi. Talab bo‘lsa, ya’ni o‘zbek tili mutaxassisi kerak bo‘lsagina o‘rin ajratiladi. Amerikaliklar o‘rtasida o‘zbek tiliga qiziqish o‘sib bormoqda. O‘zbek tili, asosan, magistr va doktorantlarga o‘rgatiladi. Bundan tashqari, AQSHning bir necha universitetlarida yoz vaqtida o‘zbek tilini o‘rgatish kurslari ochilgan. Jon Xopkins universiteti qoshidagi «O‘rta Osiyo va Kavkaz instituti» O‘zbekistonni chuqur o‘rganuvchi institutlardan biridir. Unga professor Frederik Starr rahbarlik qiladi…

Amerikada o‘zbek tili darsligi yaratish uchun ilk urinish

O‘zbek tiliga oid kitoblar 1953-yildan chiqa boshlagan. Ungacha 1948-yili «Turkiy tillarda so‘z yasalishi» nomli kitob chop etilgan, xolos. Keyinchalik turkiy tillarni o‘rganish bo‘yicha kitoblar nashri yo‘lga qo‘yildi. Ilk bor Charlz Bijer «O‘zbek tilining struktural grammatikasi» kitobini Vashingtonda bosib chiqardi. Lekin olim o‘zbek tili qoidalarini bilmas, yozganlari juda sayoz bo‘lgani sababli, kitob kam nusxada chop etilgan. Keyinchalik professor Nikolay Poppe-Junyoning «O‘zbek gazeta tilidan qo‘llanma» kitobini nashr ettirdi. Muallif – SSSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi Nikolay Nikolayevich Poppening o‘g‘li. Bu olim «Qizil O‘zbekiston» gazetasining bir necha yilgi sonlarini o‘rganib, o‘zbek tili grammatikasini ham yaratgan. Garchi bu kitobda ham ancha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da, u hozirgi kungacha kutubxonalarda saqlanmoqda. Keyinroq universitetning mazkur bo‘limi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan professor A’lo Raun «O‘zbek tilining asosiy kursi» nomli yangi kitobini chiqaradi.

Ikki jildlik «O‘zbek tili darsligi»ning chop etilishi

AQSHga kelganimda, bu yerdagilar o‘zbek tili bo‘yicha darslik chiqarish talabini qo‘yishgan. Men o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha rusiyzabonlar uchun «O‘zbek tili grammatikasi» kitobini tayyorlagan edim. Ular qo‘llanmamni ko‘rib, ingliz tiliga o‘girishni so‘rashdi. Biroq Amerika maorif tizimi sovetlardagidan tamom boshqacha. Shuning uchun men o‘zga yo‘ldan borishga majbur bo‘ldim. O‘sha kitobni amerikaliklarning talablaridan kelib chiqqan holda qayta yozib chiqdim. Bu O‘zbekistondagi grammatika kitoblariga o‘xshamaydi, tamomila boshqacha. AQSHda tilni o‘rganish grammatikani o‘rganishdan emas, balki so‘z va jumlani o‘rganishdan, gapirishdan boshlanadi. Yangi kitob 1995-yili Indiana universitetidagi O‘rta Osiyoni o‘rganish bo‘yicha alohida nashriyot bo‘limida 550 sahifa qilib bosib chiqariladi. Keyin ikki jildlik qilib, Merilen shtatida nashr etiladi. Juda katta hajmda sifatli qog‘ozda chop etilgan darslikning birinchi jildi 560 sahifa, ikkinchi jildi esa 520 sahifadir. Darslik ingliz tilida so‘zlashuvchi talabalarga mo‘ljallangani sababli, barcha izohlar ingliz tilida berilgan. Bu nashriyot ushbu darslikni chop etish huquqini sotib olgan. Shunday qilib, bu ikki tomlik kitob mazkur nashriyotda katta tirajda chiqarilgan. Hozir AQSHning ko‘p shtatlarida joylashgan universitetlarda, shuningdek Germaniyada, Angliyada va boshqa mamlakatlarda o‘zbek tili shu kitob asosida o‘rgatilmoqda.

Amerikada chop etilgan birinchi «O‘zbekcha-inglizcha lug‘at»

Birinchi bor Amerikada 20 000 so‘zlik «O‘zbekcha-inglizcha lug‘at» 1993-yili chop etilgan. Katta hajmdagisi esa 1996-yili tayyorlanib chop etildi. Ikkala kitobning muallifi o‘zbek tili, madaniyati va adabiyotining bilimdoni professor Karl Krippes bo‘lib u ko‘p yillar mobaynida Indiana universitetida faoliyat yurgizgan. Karl Krippes ham O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan. O‘zbekistonda chop etilgan bir qancha maxsus kitoblarni o‘rganib tahlil qilgan. U ko‘p yillar davomida bir qancha o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan ilmiy izlanishlar olib borgan. Mazkur lug‘atni chiqarishdan oldin K.Krippes professor Ergash Fozilov qalamiga mansub «O‘zbek xalq dostonlari», «O‘zbek xalq shevalari», akademik Qori-Niyoziy va A.Borovkinlarning 1941-yili chop etilgan o‘zbekcha-ruscha lug‘ati va boshqa qator lug‘atlarni qunt bilan o‘rganib chiqdi. Bundan tashqari, olim «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston ovozi», «Turkiston», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», hatto «Sport» singari gazetalarda chop etilgan maqolalarni ham sinchiklab o‘rgandi…

1824-yili Amerikada nashr qilingan Buxoro va Xorazm tarixiga oid birinchi kitob

Indiana universiteti kutubxonasida akademiklar G‘. Abdurahmonov, A. Rustamovning «Qadimiy turkiy til» va Haydarali Uzoqovning bir qancha ilmiy asarlari bor. Ahmadjon Meliboyev rahbarligida yozilgan «Fitna san’ati», Safar Ostonov tahririda nashr etilgan «Fevral voqealari (1999-yil, 16-fevral. Toshkent)» kitoblari ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. Bundan tashqari, universitet kutubxonasida Amerika va boshqa mamlakat mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonga oid bir qancha kitoblar mavjud. Ular orasida Amerikada chop etilgan «Modern Uzbekistan», «Investment treaty with Uzbekistan», «Uzbekistan and Kazakhstan: a tale of two transition», «Central Asia and the new global ekonomy» va boshqa kitoblar o‘rin olgan. Lekin ularning orasida 1824-yili chop etilgan Jozef Snekovskiyning Buxoro va Xorazmga oid tarixiy kitobi ayniqsa diqqatga sazovordir.

Amerika kutubxonalarida Navoiyning o‘ta nodir asarlari. Husayn Boyqaro va Mirzo Ulug‘bek rasmlari

Amerikada Navoiyning nodir qo‘lyozmasi Nyu-Yorkdagi «Metropoliten» san’at muzeyida saqlanmoqda. Unga 10 dan ortiq juda nozik did bilan tilla yuritilib ishlangan miniatyura ilova qilingan. Bu qo‘lyozma naqadar nodir ekanligini amerikaliklar ham yaxshi tushunishadi. Shuning uchun «Metropoliten» san’at muzeyi bu asarlarni ko‘z qorachig‘iday saqlaydi. Shoirning  «Navodirush shabob» devoni ham shu yerda saqlanadi. Unda Husayn Boyqaroning hamda otasi Mansurning suratlari bor. Yana «Freyar galereyasi»da Alisher Navoiyning bir necha qo‘lyozma devonlaridan parchalar borligini ko‘rdim. Muzey va galereya rahbariyatining ruxsati bilan ulardan nusxa olishga erishdim. Bundan tashqari, 1947-yili Ulug‘bekning 1420-yilda Samarqandda chizilgan asl tasviri sotib olingan ekan. Men bu suratni birinchi bor ko‘rganimda juda ta’sirlandim… Bir kuyov-kelin, o‘rtada Mirzo Ulug‘bek, atrofida 27 nafar unga yaqin bo‘lgan kishi turibdi… Bu biz o‘zbekistonliklar uchun nihoyatda katta yangilik. G‘arb dunyosi kutubxona va muzeylarida Alisher Navoiy to‘g‘risida ko‘p kitoblar jamlangan.

Amir Temur va Husayn Boyqaro hayotiga doir izlanishlarim

Amir Temur tarixiga qiziqaman, davriy nashrlarda Sohibqiron haqida qator ilmiy maqolalar chop ettirganman. Chet elga kelganimdan so‘ng xuddi chanqoq odamdek Temur haqida juda ko‘p ma’lumotlarni qidirib topdim. 1500-yilda Temurga bag‘ishlab yozilgan asarni Harvard universiteti kutubxonasidan topdim. Uzoq o‘tirib, ma’lumot yig‘dim. Ayrim asarlar Temur hayotligida chiqqan bo‘lib, askarlari ketidan yurib yig‘ilgan ma’lumotlar bor ekan… G‘arbda Amir Temurning o‘rganilishi tarixi yuzasidan 5 jildlik kitob tayyorlayapman. Unga temuriylar tarixi yodgorliklari, Bobur vasiyatnomasi (G‘arbda topilgan) va shunga o‘xshash Bobur va Boburiylarning o‘z qo‘llari bilan yozilgan asarlaridan namunalar, Husayn Boyqaroning asl imzosi qo‘yilgan farmoni… kabi nodir hujjatlarni kiritishni mo‘ljallaganman. Bularni dunyoning har xil kutubxonalaridan topganman. G‘arb dunyosida Amir Temurning 200ga yaqin noyob surati saqlanmoqda. Hammasi chizilgan namunalar…

Ustozlarim

Shu kungacha AQSHda o‘nta kitobim bosmadan chiqdi. Ularni yozishda menga ustozlarim saboqlari yordam berdi. Mening ustozim o‘zbek tili professori Ayub G‘ulom bo‘ladilar. Ikkinchi ustozim SSSR Fanlar akademiyasi akademigi, Leningraddagi Osiyo instituti direktori Andrey Nikolayevich Kononov edi. Men nimagaki erishgan bo‘lsam, ustozlarim oldida qarzdorman. Akademik Alibek Rustamov va Shavkat Raxmatullayevlardan doimo maslahat olib turdim. Kitobni tayyorlashda mashhur o‘zbek yozuvchilari asarlariga asoslandim, xalq tiliga va ko‘p yillik kuzatuvlarimga asoslandim. Men Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom asarlaridan, shuningdek, «Sharq yulduzi», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» kabi gazeta-jurnallardan misollar keltirganman, ularning barchasini ko‘rsatib o‘tganman…

Umidim, niyatlarim…

Meni to‘g‘ri tushunarsiz, deb o‘ylayman. Mazkur intervyu so‘ngida hurmatli ustozlarim, qolaversa boshqa vatandoshlarim haqida maqtanish uchun gapirganim yo‘q. Niyat – ular misolida har qanday ilmga chanqoq o‘zbek yigit-qizlarining qo‘lidan kelmaydigan ish, zabt eta olmaydigan ilm cho‘qqisi yo‘qligini ko‘rsatish. O‘zbek talabalarini G‘arbiy Yevropa, Amerika va Yaponiya dorilfununlari ostonalarida ko‘rish – xalqimizning azaliy orzusi edi. O’tgan asrning 20-yillardayoq buyuk ustozlarimiz Fitrat, Cho‘lponlar o‘zbek yoshlarini Yevropa va Amerikada ilm olishga da’vat qilganlar. Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romanining 12-bobida yozganidek: «…Hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin… Undan keyin Germaniya, Fransiya, Angliya mamlakatlarida, hatto, dunyoning narigi chekkasidagi Amerikaga yuborib o‘qitish kerak…». Cho‘lponning bu so‘zlari hozir ham muhim. Mening chin orzuim ham o‘zbek talabalarini Amerika universitetlariga ko‘proq taklif etib o‘qitish. Umidlarim amalga oshishiga aminman. Chunki O‘zbekistonimizda mustaqillik e’lon qilinishi munosabati bilan umid uchqunlari taqdirimiz osmonida yana charaqlay boshladi. Aynan mustaqillik sharofati bilan ming-minglab o‘zbek o‘g‘il-qizlari AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Chexiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarga borib bilim olib keldilar, bu kelajakda albatta o‘z mevasini beradi…


Mavlon Shukurzoda

Indiana, Blumington, 2002-yil.

SHARE