Ming oydan yaxshiroq kecha (Fotoreportaj)

Oylar sultoni Ramazon bo‘lsa, shubhasiz uning toji  “Ming oydan yaxshiroq” (Qadr surasi, 3-oyat) Qadr kechasidir. Shuning uchun ham Yaratgan uning qaysi kun ekanini yashirgan. Hadisi shariflarda bu kechani ramazonning oxirgi o‘n kunligidan qidirish tavsiya qilingan. Shu mavzuga oid hadislarni sinchiklab o‘rgangan ulamolarimiz qadr kechasi ko‘proq ramazon oyining yigirma yettinchi kechasiga to‘g‘ri kelsa kerak, degan fikrga kelishgan. Shundanmi, diyorimizda va ko‘pgina musulmon mamlakatlarida aynan yigirma yettinchi ramazon tunini qadr kechasi sifatida nishonlash an’anaga aylanib qolgan.

Azim poytaxtimizning ko‘rki, ko‘hna Shosh ramzi bo‘lgan Hazrati Imom masjidi va maydoni bugun ana shu kechani ibodat bilan o‘tkazgani kelganlar bilan gavjum. Uch mingdan ziyod namozxonlar to‘plangan namozgohga O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, muftiy o‘rinbosarlari Shayx Abdulaziz Mansur, hoji Abdurazzoq Yunus va boshqa ko‘plab taniqli ulamolar ham tashrif buyurishdi.

Ayniqsa, Toshkent islom instituti rektori Haydarxon Yo‘ldoshxo‘jaev boshchiligida institut va Ko‘kaldosh o‘rta-maxsus islom bilim yurtining o‘n nafar talabari bo‘lmish bulbul qorilar namozgohga kirib kelganlarida odamlarni o‘zgacha hayajon chulg‘adi, demak bu kecha har birining ta’rifi ketgan mazkur qorilarning go‘zal qiroatlari va otashnafaslaridan bahramand bo‘lamiz, degan qanoat hosil bo‘ldi qalblarda.

Xufton namozini muftiy hazratlari o‘qib berdilar. So‘ng taroveh boshlandi. Qorilar birin-ketin Qur’onning boshidan boshlab mashhur oyatlardan qiroat qila boshladilar. Ular some’larga go‘yo ilohiy kalom bo‘stonidan chiroyli guldastalar taqdim qilardilar…

Namozlar orasida muftiy hazratlarining mav’izalari tinglandi. Minglab odamlar yig‘ilgan keng maydon chetida, namozxonlar nazaridan chetroqda ayollar va bolalar ham bu fayzu futuhdan bahramand bo‘ldilar. Maydonning har yer-har yeriga o‘rnatilgan ovoz kuchaytigich moslamalari bu joydagi rahmat yomg‘irini shamol misoli uzoq-uzoqlarga taratardi. Soat tungi birgacha davom etgan taroveh so‘nggida xatmi Qur’on duosi qilindi. Duoda namozxonlar mana shunday sharoit yaratib bergan mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini, yurtimiz va butun dunyoda tinchlik-hotirjamlikni nasib aylashini Parvardigordan iltijo qilib so‘radilar.

Ibodat va duolar tugagan bo‘lsa-da, bu fayziyobdan sarmast odamlar hanuz uylariga ketishga shoshmasdi. Soat millari esa tungi 2:30 ni ko‘rsatardi.

No’mon Otaboyev.
Suratlarni Hamdam Shorahmedov olgan.