Sho’rolar ikki bor talon-taroj qilgan odam

Mavlon SHUKURZODA

Akbar Xo’ja o’g’li Abdulloh Xo’ja Vatan tuprog’ini o’pmoqda, Marg’ilon, 1996-yil.

Kuni kecha saytimizda Amerikadagi Turkistonliklar jamiyatining Prezidenti Abdulloh Xo‘ja “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangani haqida xabar qilgan edik. Biz bu quvonchli voqea bilan tahririyatimiz faoli, hurmatli Abdulloh Xo’ja janoblarini birinchilardan bo’lib tabrikladik.

Abdulloh aka tahririyatimiz mehmoni bo’lib, O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi o’zidan-o’zi bo’lmagani, buni ayniqsa musofirchilikda kunlari o’tgan vatandoshlarimiz qanday his qilganliklarini rahmatli otalari Akbar Xo’ja misolida ko’zlariga yosh olib esladilar…

Shu sabab bo’lib biz bugun fidoyi vatandoshlarimizdan biri, xorijda turib ona yurt ozodligi uchun tinmay kurash olib borgan, turkistonliklar orasida katta obro’ga ega hurmatli Akbar Xo’ja haqida hikoya qilmoqchimiz…

Men shuncha yoshga kirib, bir muhojir sifatida, O‘zbekiston mustaqillikka erishishini, Amerikada o‘z elchixonasini ochib, o‘zbek bayrog‘i baland ko‘tarilib hilpirab turishini bir umr orzu-niyat qilganman, lekin buni ko‘rishlikni xayol qilolmasdim. Vatanimni ko‘ra olmasam ham, vatanimning bir qarich yeri bo‘lmish O‘zbekiston elchixonasini, yurtimning beg‘ubor bayrog‘ini, vatanimning asl vakili, ona yurtim elchisi bilan diydor ko‘rishib, u kishini va u kishi orqali O‘zbekiston Prezidentini hamda butun o‘zbek xalqini duo qilishlik nasib etgani uchun Allohga beadad shukur…

Akbar XO‘JA, Vashington, 1995 -yil

Akbar Xo’ja, 1990-yil.

Akbar Xo‘ja haqida menga 2005-yili Ro‘zi Nazar janoblari «Akbar Xo‘ja haqiqiy o‘zbek fidoyisi va millatparvari bo‘lgan. U kishining hur va chuqur fikrlash qobiliyatiga men tasannolar aytaman», deb aytgan edilar.

Akbar Xo‘ja 1920-yili Marg‘ilonda tug‘ilgan. Otasi boshqa o‘lkalarga qatnaydigan boy savdogar bo‘lgan. 20-yillarning oxirida u kelajagini o‘ylab, bola-chaqasini olib, Sharqiy Turkiston orqali Afg‘onistonga ketadi. Afg‘onistonda qo‘nim topib, Hindistonga borib savdo ishlarini yo‘lga qo‘yishga intiladi. Hindistondagi Bombay shahrida o‘zbek maktabi ochiladi. Akbar Xo‘janing otasi uni shu maktabga berib o‘qitadi. Lekin qismat ekan, o‘sha yillar u otasidan yosh yetim qoladi…

Oilada onasi, akasi, ukasi va singlisi qolgan, nima qilish kerak? Nochorlikdan u maktabda bolalarga pishiriqlar sotadi, biroz pul to‘plab, kattaroq savdoga kirishadi… O‘qishni bitirgach, savdo bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Hindistonning Pokiston qismida uning ko‘p tanishlari va do‘stlari yashar edi, keyinchalik ular bilan birgalikda ishlab, pul to‘playdi.U yerda yashagan paytida vaqtni bekor o‘tkazmay, urdu tilini o‘rganadi. Keyin Afg‘onistonga qaytib, tijorat bilan shug‘ullanadi.

Akbar Xo‘ja har taraflama iqtidorli odam bo‘lgan. Barcha farzandlarini ilmli qiladi, ularni Amerika, Buyuk Britaniya va Turkiyaning mashhur universitetlarida o‘qitadi.

Akbar Xo‘ja dilkash, shirinso‘z, ziyoli odam edi. Sharq adabiyoti va she’riyatini juda sevar, o‘zi ham havaskor shoir sifatida she’rlar yozardi. U kishi farzandlariga doimo, “Vatanni sevmoq bu muqaddas burchdir!”, deyishdan charchamasdi…

Abdulloh Xo‘ja bilan Amerika zaminida qachon uchrashsak, u kishi padari buzrukvori to‘g‘risida ehtirom ila, ko‘zlariga yosh olib gapiradi. Akbar Xo‘janing qanday inson ekanligini ko’proq ularning shu o’g’illari og’zidan eshitganman.

Men Abdulloh akamdan eshitganlarimni qog‘ozga tushirib, otalari to‘g‘risida bir maqola tayyorlashni niyat qildim. Quyida ana shu xotiralarni Abdulloh Xo’ja tili orqali sizlarga havola qilmoqchiman.

Muqaddima

Akbar Xo’ja o’g’li Abdulloh Xo’ja bilan, Kobul, 1956-yil.

Otam Akbar Xo‘ja sho‘rolar hukumati tomonidan 50 yil farqi bilan ikki bor talon-taroj qilinganlar. Birinchisi 20–30-yillarda bo‘lsa, ikkinchisi 70-yillarning oxirida. 1978-yili nikoh to‘yim munosabati bilan, dadam Afg‘onistondan Amerikaga tashrif buyurdilar. Oradan bir necha kun o‘tgach, sho‘rolar armiyasi Kobulni egallagani va barcha mollarimiz musodara etilib, talon-taroj qilingani to‘g‘risida xabar oldik. Bu voqeadan so‘ng dadam va onamni shu yerda olib qoldik…

Vatanni tark etish tarixi

Akbar Xo’ja, Kobul, 1970-yil.

Buvamiz 1927-yili Marg‘ilonni tark etishga majbur bo‘lganlar. Otamning gaplariga qaraganda, buvamizning akalari qo‘shni uyda yashar ekanlar. Bir kuni kechqurun NKVD xodimlari u kishining uyiga bostirib kirib, barcha boyliklarni tortib olish maqsadida miltiq bilan ularni urib o‘ldiradilar. Buvamiz bu voqeadan keyin bu yerda tinchlik bo‘lmasligini anglab, vatandan ketish taraddudiga tushadilar. Akasini ko‘mib, ertasi kuni azonda buvamiz yaqin qarindosh-urug‘lari bilan vatanni tashlab ketishga majbur bo‘ladilar. Ular avval Qashqarga, undan so‘ng Hindiston-u Pokistondan o‘tib Afg‘onistonga kelganlar. Yo‘lda ko‘rgan azob-uqubatlarni gapirganlarida otamning ko‘zi jiqqa yoshga to‘lardi. Avlodlarimiz katta savdogar bo‘lganlar, ular Rossiya, Xitoy va boshqa yerlarga borib savdo-sotiq ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar. O‘rta yoshli buvam Hindistonga qarashli Peshovar shahriga yetib borgan kunlari qattiq dardga chalinib, o‘sha yerda vafot etganlar. Buvim to‘rt bola bilan qoladilar va Saudiya Arabistoniga borishga ahd qiladilar. U yerga borishda ular juda ko‘p mashaqqatlarga duch kelishadi.

Buvim va dadam Madinaga borib, haj safarini ado etadilar. Sharoit aytarli yaxshi bo‘lmagani sababli buvimiz ham tez orada kasal bo‘lib, o‘sha yerda bandalikni bajo keltiradilar. Endi otam akalari bilan birga, hali yosh bola bo‘lishlariga qaramay uka va singilga ham ota, ham onalik qilishardi. Bir kuni kechasi ularning ozgina qolgan pullarini ham u yerdagi muttahamlar o‘g‘irlab ketishadi…

Dadam akasi bilan ish topib, ukalarini boqa boshlaydilar. Hayot tobora og‘irlashayotganidan, aka-uka maslahatlashib, bu yerdagi qiyinchiliklarni hisobga olib, Hindistonga qaytishga qaror qiladilar. Yo‘lda ming bir azoblarni yengib Bombay shahriga keladilar. Yo‘l azobidan ezilgan dadamning akasi og‘ir xastalikka chalinadi va sal o‘tmay dadamning qo‘lida jon beradi…

Otamning og‘ir dardga yo‘liqishi

Akbar Xo’ja, Nyu York, 1985-yil.

Endi hamma og‘irlik dadamning boshiga kelib tushadi. Lekin o‘sha yerdagi musulmonlarning ularga rahmlari kelib bolalarni yetimxonaga joylaydilar. Ular yetimxonada o‘n yilga yaqin yashashadi. Dadam qiyinchiliklardan qattiq siqilib, o‘zlari ham og‘ir kasalga duchor bo‘ladilar. Faqat Parvardigorning saxovati sababli ukalarining baxtiga sog‘ayib ketadilar. Yetimxonada bo‘lganlarida rahmdil kishilar yetimlarning qo‘llariga oz-ozdan pul berardilar, dadam shu pullarni to‘plab bozordan kulcha non, turli shirinliklar olib kelib, yetimxonadagi boshqa bolalarga sotib, biroz pul to‘plashga erishadilar. Shu tariqa dadam kichik tijorat ishlariga qadam qo‘ya boshlaydilar. Lekin shodliklari uzoqa cho‘zilmaydi, yana eski kasallari qo‘zg‘ab, sog‘liqlari yomonlashadi. Yetimxona boshlig‘i dadamni doktorga olib boradi, doktor ko‘rikdan o‘tkazib, direktorga sekingina, «Bolaning umri oz qolibdi, ko‘pi bilan ikki oyga boradi, shuning uchun nima so‘rasa berib, xafa qilmasdan tuzukroq qaranglar», deydi…

Dadam urdu tilini yaxshi bilganlari sababli, hamma gapni tushunadilar. Bu gaplarni eshitib kayfiyatlari cho‘kadi… Bu haqda ukalariga hech narsa aytmay, dardlarini ichiga yutadilar. Keyin dadam yetimxona boshlig‘iga hammalarini Kobulga, amakilarikiga jo‘natishlarini iltimos qiladilar. Qolgan ikki oylik umrlarini vataniga yaqin Kobul shahrida o‘tkazishni xohlayotganlarini va hayotdan ko‘z yumsalar, vatanlariga yaqin joyda ko‘milish istagi borligini aytadilar. Aslida esa, u yerda amakilari bo‘lmagan. Lekin nimaga aynan Kobul shahrini tanlaganlarini bilmadim. Ikkinchi kuni yetimxona direktori ko‘zida yosh bilan o‘zi shaxsan bolalarni yetaklab vokzalga olib boradi, qo‘llariga ozroq pul, kiyim-bosh va yemak tutqazib, dadam va ukalarini Kobulga jo‘natadi. Kobulga yetib kelganlaridan so‘ng dadam yetimxonada yiqqan ozgina pullarini ijaraga berib, bir o‘zbek xonadonida yashay boshlaydilar. Yosh bo‘lishlariga qaramasdan, kichik tijoratga berilib ishlaydilar va bunga ukalarini ham jalb qiladilar. Lekin sog‘liqlari kun sayin og‘irlashib boradi va bu vaqtga kelib ancha madorsizlanib ozib ketadilar…

Otamning «ikkinchi bor tug‘ilishlari»

Akbar Xo’ja turmush o’rto’gi Mahfirat opa va farzandlari davrasida, Nyu Jersi, 1994-yil.

Bir kuni dadamning oyoqlarini qora chayon chaqib oladi, oyoqlari shishib, isitmalari ko‘tarilib ketadi. Ko‘ngillari ozib, bir-ikki haftagacha uyda qiynalib yotadilar. Mana endi bu dunyoni tark etishim aniq bo‘ldi deb, o‘limni poylaydilar. Bechora uka va singillari o‘tirib kun bo‘yi Xudoga yolvorib yig‘lashgan ekan. Vaqt ham sekin-asta o‘taveradi…

 Bir kuni ertalab, dadam o‘rinlaridan erta turib, xuddi onalaridan qayta tug‘ilganday hech qanday og‘riqni ham sezmay, yuvinib-taranib, ko‘chaga yugurib, ishlarini davom ettiradilar. Eng asosiysi, eski dardlari ham shu chayon zahridan keyin yo‘q bo‘lib ketadi. Hech vaqt o‘tmay dadam kun sayin kuch-quvvatga to‘la boshlaydilar. Ikki oy ham o‘tadi, ikki yil ham o‘tadi, otam esa Allohga shukurki, otday bo‘lib ketadilar. Yetim-yesirlarning duosini Alloh birinchi navbatda eshitadi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Dadamning keyingi ishlari juda rivojlanib ketadi, savdo ishlarini mukammal o‘rganib, savdo-tijorat ishlariga berilib ketadilar. Ishlar orasida o‘qishni bitirib, uyli-joyli bo‘ladilar, ukalarini yonlariga olib, ularni ham hunarga o‘rgatadilar.

Dadam 5–6-yildan keyin Bombayga ish bilan borib, ularga yordam bergan saxovatli inson, yetimxona direktoridan xabar oladilar. Bir vaqtlar otamni va ukalarini vokzalda kuzatgan direktor otamni ko‘rib hayratdan yoqasini ushlab qoladi, uning oldida ko‘zlari nursiz, yuzlari sarg‘aygan, boshi egik bola o‘rnida baland bo‘yli, qaddi-qomati kelishgan, yuzlari yorug‘, ko‘zlari chaqnab turgan Akbar Xo‘ja turardi. Direktor «Yo Rabbim, deya otamni bag‘riga bosadi. Uni sog‘-salomat ko‘rganidan juda xursand bo‘ladi, dadamga ikki oylik umri qoldi deb tashxis qo‘ygan doktor bir oydan so‘ng o‘zi to‘satdan o‘lganini gapirib beradi…

Otamning keyingi hayotlari

Akbar Xo’ja Nyu Yorkda sovetlarga qarshi o’tkazilgan norozilik namoyishida, 1975-yil.

Otamga hayot-mamot kurashlarida g‘o‘lib bo‘lib, hamma qiyinchiliklardan mardona o‘tib, yaxshi hayot ko‘rishlik nasib etadi. Ancha oyoqqa turib olgach, savdo-sotiq ishlari ham o‘z yo‘liga tushib ketadi. 1948-yili Afg‘onistonda otamiz bo‘lajak onamiz, asli andijonlik bo‘lgan Mahfirat ismli ayolga uylanadilar. Ular olti farzand ko’radilar: Soliha, Abdulloh, Fotima, A’zam, Sadiha va Salim. Dadam yildan-yilga savdo ishlarini rivojlantira boshlaydilar, ular Afg‘onistonga Germaniya va hatto Amerikadan mol keltirib sotar edilar. Jahonga mashhur «Omega», «Rolex» kabi soatsozlik kompaniyalari bilan savdo-sotiq ishlarini, shuningdek, arab mamlakatlariga teri, quruq meva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotishni yo‘lga qo‘yib, Kobuldagi katta tadbirkorlardan biriga aylanadilar.

Otam olti farzandni voyaga yetkazib, barchalarini oliy ma’lumotli qiladilar. Soliha opam bilan men Buyuk Britaniyada ta’lim olganmiz, Fotima singlim Turkiyada o‘qib kelgan, boshqa ukalarim ham Amerikaning eng obro‘li universitetlarida bilim olishib, hozirda o‘z ishlari bilan bandlar. Dadam juda mehmondo‘st, olijanob va saxovatli inson edilar. 5–6 tilda bemalol gaplasha olardilar. Do‘stlari ko‘p, uyimiz har doim mehmonlar bilan gavjum bo‘lardi. Kobul shahri o‘z davrida juda ko‘rkam va chiroyli shahar bo‘lgan. Uning so‘lim ko‘chalaridan birida dadamning hovlisi bo‘lgan. Dadam Afg‘onistonda 30 yilcha yashadilar.

Akbar Xo‘janing dunyoqarashi

Sobiq Sovet Ittifoqi Bosh Konsulligi yonida o’tkazilgan norozilik namoyishi, Nyu York, 1979-yil.

Akbar Xo‘ja juda olg‘a intiluvchi, serg‘ayrat va dunyoviy ilmlarga boy inson bo‘lgan, diniy aqidalarga rioya qilgan holda, ko‘p masalalarda progressiv qarorlar qabul qilgan. Bir misol, xurofotga botgan Afg‘onistonda 60–70-yillarda qizlarni chet ellarda o‘qitish u yoqda tursin, o‘qitishning o‘zi umuman yot narsa edi. Shunga qaramay, dadam suyukli katta qizlarini Angliyaga, ikkinchisini Turkiyaga va kenja qizlarini Amerikaga yuborib o‘qitadilar. Ayrim o‘zbeklar Akbar Xo‘jaga «Nima uchun qizlaringni kofir mamlakatga yubording? Bu nima degan gap, ularning buzilib ketishidan qo‘rqmaysanmi?», deb o‘rtaga olishadi. Shunda u, «Birinchidan, payg‘ambarimizning ilm olish har bir musulmon ayoli va erkagi uchun farzdir, deb aytganlariga amal qilganman, ayolning ilm olishi muhimroq, chunki ilmli ayol bo‘lajak avlodni ham ilmli qilib tarbiyalaydi. Ikkinchidan, nega Afg‘oniston podshohining farzandlari Yevropada o‘qishi mumkin-u, bizning farzandlarimiz o‘qimasligi kerak? Xo‘sh, ularning nimasi kam? Bolalarimiz dunyoviy ilmlarni bilsa, Afg‘oniston bugungiday zimistonda yashamagan bo‘lardi, ular dunyo ko‘rishi, ilmli bo‘lishi uchun mol-dunyo uyoqda tursin, kerak bo‘lsa jonimni berishga ham tayyorman», deb javob qaytaradi.

Akbar Xo‘janing Amerika zaminiga kelib qolishi

Poytaxt Vashingtonda Akbar Xo’ja va rafiqalari Mahfirat opa norozilik namoyishida.

1978-yili dadam va onam mening to‘yimni o‘tkazish uchun Amerikaga tashrif buyuradilar. Otam menga Adana shahrida tug‘ilgan, Abdurahim Andijon ismli bir olijanob odamning Sabohatxon ismli qiziga uylanishni tavsiya qiladilar. Men otamning ra’yiga qarab u qiz bilan yaqindan tanishganman…

Mana, 30 yildan beri ikkalamiz besh bolani katta qilib, baxtli hayot kechirib kelmoqdamiz. Buni ham otamning duolaridan deb bilaman. To‘y o‘tib bo‘lganidan so‘ng ular qaytish taraddudida edilar, lekin ayni o‘sha vaqt Sovet Armiyasi qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirib, urush boshlanib ketadi… Shundan keyin ular biznikida qolib ketadilar. Kobuldagi otamdan qolgan uyni sovet bosqinchilari talon-taroj qiladi. Bu uyni bizga Hamid Karzay hukumati 22 yildan keyin qaytarib berdi. Bundan ikki yil oldin Kobulga borib uyning ahvolini ko‘rdim, dahshatli urush sababli mahallamizda birorta sog‘ uy qolmagan, hamma yerlar vayron bo‘lib ketgan ekan, men bu manzarani ko‘rib juda achindim…

Otam Amerikada ham tinch o‘tirmaydilar, tijorat, savdo-sotiq ishlarini bo‘shashtirmay olib boradilar.

Aslida, katta yoshli immigrantlarning yangi sharoitga moslashishi qiyin. Dadam Nyu-Yorkda yangidan biznes boshlab yuboradilar. Manhettenda birin-ketin magazinlar ochib, AQSHning boshqa shtatlarida ham faoliyat yurgiza boshlaydilar. Hovli-joy sotib oladilar. Shu tariqa, ishlar yurishib ketadi. Otam boshlab bergan biznes ishlarini bugungi kunda ukam A’zam Xo‘ja va singlim Solihaxonlar davom ettirmoqdalar.

Akbar Xo‘janing umuman bo‘sh vaqtlari bo‘lmas edi, shunga qaramay, umrlarining oxirgi daqiqalarigacha O‘zbekistonning haqiqiy fidoyisi ekanliklarini ko‘rsata olganlar. «Turkiston–Amerika» assotsiatsiyasining barcha tadbirlarida qatnashishga harakat qilardilar. Ayniqsa, Amerikada har yili yozda keng nishonlanadigan «Asir millatlar» haftaligida faol ishtirok etib boshqa vatandoshlarini ham da’vat qilardi.

Dadam O‘zbekiston mustaqilligini katta xursandchilik bilan kutib oldilar, u payt u kishidan baxtli inson bo’lmagan bo’lsa kerak… Niyatlari mustaqil O‘zbekistonni ko‘rish, tug‘ilib o‘sgan yerlarni ziyorat qilish edi…

Allohga shukurlar bo‘lsinki, u kishi vatanimiz mustaqilligini eshitdilar, lekin sog‘liqlari yomonlashgani sababli shifokorlar uzoq masofaga borishga ruxsat berishmadi. 1996-yili otamning o‘rniga men ota-buvalarim yashab o‘tgan joylarga borib, ziyorat qilib qaytdim, u yerda eski uyimizni axtarib topib, duo-fotihalar o‘qidim, dadamning nomlaridan xudoyilar o‘tkazdim…

Ona zamin bilan so‘nggi uchrashuv

“Turkistonlik buyuk vatanparvar”, Akbar Xo’janing qabrtoshidagi bitikdan.

Sog‘liqlari yaxshi bo‘lmasa-da, dadam meni chaqirib, Vashingtonda ochilgan elchixonamizning yangi binosini, uning oldida hilpirab turgan O‘zbekiston bayrog‘ini tomosha qildirib kelishni so‘radilar. Men dadam bilan elchixonaga bordim, bizni eshik oldida O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi elchisi Fattoh Teshaboyev kutib oldilar.

Hayajondan otam ko‘zlariga yosh olib shunday dedilar: «Men shuncha yoshga kirib, bir muhojir sifatida, O‘zbekiston mustaqillikka erishib, Amerikada o‘z elchixonasini ochib va o‘zbek bayrog‘i baland ko‘tarilib hilpirab turishini bir umr orzu-niyat qilganman, lekin buni ko‘rishni xayol qilolmasdim. Vatanimni ko‘ra olmasam ham, vatanimning bir qarich yeri bo‘lmish O‘zbekiston elchixonasini, yurtimning beg‘ubor bayrog‘ini, vatanimning asl vakili, ona yurtimning elchisi bilan diydor ko‘rishib, u kishini va u kishi orqali O‘zbekiston Prezidentini, butun o‘zbek xalqini duo qilishlik nasib etgani uchun Allohga beadad shukur…»

Dadam, Vashingtondagi aksar davlatlarning elchixonalari joylashgan «Masachussets street» shoh ko‘chasidagi muhtasham imoratlardan hisoblangan O‘zbekistonning Amerikadagi elchixonasi binosini uzoq vaqt havas bilan tomosha qildilar. Men xalaqit bermay, chetdan jimgina kuzatib turdim. Menimcha, o‘sha payt otamning xayolidan bolalik davridagi o‘sha 20-30-yil voqealari, Marg‘ilonda dadamning ko‘z oldida otib tashlangan amakisining siymosi, Stalin va sovetlar davridagi ocharchilik, qatag‘on yillarida begunoh shahid ketganlar, ma’lum sabablarga ko‘ra vatanni vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgan vatandoshlar va o‘zining boshidan o‘tgan og‘ir qismat birma-bir gavdalangan bo‘lsa ajab emas…

Nyu-Jersiga qaytib kelganimizda, otamning kayfiyatlari juda chog‘ edi. Xuddi katta ishning uddasidan chiqqan kishidek, yelkalaridan qandaydir bir og‘ir yuk yumalab ketgandek mag‘rur yurdilar. Yuzlaridagi quvonchning cheki ko‘rinmasdi… Ammo bir necha kundan keyin otamning sog‘lig‘i to‘satdan yomonlashdi… U kishi 1995-yilning 15 yanvarida vafot etdilar va Nyu-Jersidagi musulmonlar qabristoniga dafn qilindi…

Mavlon SHUKURZODA,

AQSH,Nyu Jersi, Parsippani.

SHARE