Yurtimizda Iyd al-Fitr manzaralari (fotoreportaj)

Farg‘ona viloyatidagi eng katta va qadimiy masjidlardan biri, Marg‘ilon shahridagi «Xonaqoh» jome’ masjidida bu yil Ramazon har yilgidan-da fayzli o’tdi. Rahmat oyi avvalidan boshlangan xatmi Qur’onni 1968-yildan beri ushbu jome’da xizmat qilayotgan ulamo, masjid imom xatibi Mulla Sobirjon qori Marg’iloniy tabarrukan boshlab berib, Muhammad Tohir qori Marg’iloniy va shogirdlari kuniga 2 juz’dan, tajvid bilan o’qib berishdi. 16-kechada Qur’oni karim xatmonasiga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tashrif buyurib, ma’ruza qildilar va xatmi Qur’on so’nggida yurtimiz va xalqimiz haqiga xayrli duolar qildilar.

Erta tongdan bomdod namozini ham jamoat bilan o’qish maqsadida yig’ilgan mo’minlar allaqachon «Xonaqoh» masjidining asosiy binosini to’ldirishdi. Bomdoddan so’ng, Hayit namozi uchun jamoat yig’ilguncha hayit kuning fazilatlari kabi mavzularda mav’izalar qilindi. Shu kuni masjid joylashgan shoxko’cha IIB xodimlari tomonidan to’silib, namozxonlarga sharoit yaratib berildi. Jamoat masjid hududidan tashqariga ham kengayib, bugungi Iyd namozini birgina “Xonaqoh” masjidida 10000 ga yaqin musulmonlar ado etdilar. Namoz so’nggida xutba o’qilib, namozxonlar, xalqimiz, yurtimiz haqiga duolar qilindi va barcha musulmonlarni katta bayram bilan tabriklandi.

Bu yilgi hayit kuni kuni haqida “falon joyda bir kun oldin hayit ekan, biz ro’zamizni ochishimiz kerak ekan”, degan bir qancha mish-mishlar tarqaldi. Mulla Sobirjon qori Marg’iloniy: «Alloh taoloning shariati kimningdir yoki biron yurtning amali bilan emas, Qur’on va sunnatga ko’radir. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qilgan hadisda «Oyni ko’rib ro’za tutinglar va uni ko’rib ochinglar. Agar uni bulut to’sib qolsa, o’ttiz kunni mukammal qilinglar», deb marhamat qilingan. Sunnatga ko’ra, har bir o’lka o’zi hilol ko’rishi haqidagi hadislar ham vorid bo’lgan. O’zbekiston Musulmonlari idorasi Falakiyot instituti olimlarining ma’lumotlariga ko’ra, 29-kuni hilol ko’rinmagach, shu bugunni hayit deya belgiladilar. Bizlarga esa ushbu fatvoga amal qilish lozim bo’ladi. Vaholanki, 29-kuni Vatanimizda biron kimning hilol ko’rgani haqida xabarni eshitmadik.»

Ayni paytda Marg’ilon shahrida 26 ta jome’ masjidi mavjud bo’lib, bu yil ularning har birida tarovih namozlarida Qur’oni karim xatm etildi. Mulla Sobirjon qori Marg’iloniy:
«Sovetlar zamonida hayit namozlarini o’qib olish qanchalik mushkul edi, berkinib, xavotirda namoz o’qilardi. Bolalar, yoshlarni masjidlarga yaqinlashtirishmas, maktablarda majburan ro’zalarini ochtirib yuborardilar… Murattab qorilar ham barmoq bilan sanarli edi. Mustaqillik, tinchlik ne’matini bergan Allohga hamdlar bo’lsin. Hozirda mana shunday shinam, go’zal masjidlarda bexavotir tarovihlarni o’qiyapmiz. Birgina Marg’ilon shahrimizdan 100 dan ortiq murattab qorilarimiz yetishib chiqdilar. »

473 yillik tarixga ega bo’lgan, UNESCOning tarixiy obidalari ro’yxatida turuvchi «Xonaqoh» jome’ masjidi O’zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi va bir qator saxovatpesha tashkilotlar mablag’lari hisobiga 2009-yilning fevral oyidan qayta ta’mirlanib, 2010-yil Mustaqillik bayrami arafasida asosiy qism foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda ta’mirlash va qayta rekonstruksiya ishlari davom ettirilmoqda. Jome’ masjidda bir vaqtning o’zida 5000 dan ortiq namozxonlar ibodat qilish imkoniyatiga egadir.

Barcha musulmon ahliga kirib keltgan Ramazon hayiti muborak bo’lsin!
Qutlug’ oyda qilingan ibodatlarni O’zi maqbul aylasin!
Keyingi Ramazongacha sog’-omon, tinchlik-osudalikda yetishimizni nasib etsin!

Vatanimiz Mustaqilligining 20-yillik ayyomi ham qutlug’ bo’lsin!
Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, iymonimiz butun bo’lsin!

Davronbek Tojilaliyev.

Muallif olgan suratlar.

Marg'ilon shahridagi "Xonaqoh" jome' masjidi
"Xonaqoh" jome' masjidi imom-xatibi Mulla Sobirjon qori Marg'iloniy
Hayit namozidan so'ng bir-birlarini qutlayotgan nuroniylar
Imom-xatib Sobirjon qori va noib Muhammad Tohir qori Marg'iloniylar
"Xonaqoh" jome' masjidi imom-xatibi Mulla Sobirjon qori, muazzin Akramjon qori va noib Muhammad Tohir qori