Iymon minorasi

(hikoya)

Zargar To‘raxo‘ja hayhotdek hovlida yolg‘iz qoldi, ikki kundan buyon o‘g‘li Qodirxo‘jadan darak yo‘q. Yotib-turib o‘ylasa-da, o‘tgan taloto‘pga aqli  lol, bu xil jangu jadal, osmondan ajal yoqqanini hech tasavvuriga sig‘dirolmasdi. Xudoning yuborgan balosi, ofat desangiz – qirg‘inni hukmdor Olimxonning dushmanlari boshlab keldi. Ha, shu tuproqda unib-o‘sgan Buxoroning tagli-tugli aslzoda yigitlaridan bo‘lmish bir guruh ilmparvar aqlirasolarning bilib-bilmay bosgan qadamlari shaharni qonga botirdi, xarob qildi. Chol talangan mol-dunyosiga achinmadi, ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, yong‘in yuragini o‘rtadi. Na chora, kelgan balo bir uningmas, butun Buxoroni yondirdi. Shu topda yagona ilinji o‘g‘li oilasini ishonchli, tayinli joyga omonat qoldirib, Buxoroga eson-omon qaytsin.

Qo‘shnilardan hol so‘rashning imkoni yo‘q, ikki kundirki, bosqinchi to‘dani aytmaganda, na birovdan xabar oldi, na birov “Holing nechuk?”, deb kelmadi. Bu qanday jazoki, hafta ichida butun boshli mahallalar, ahil jamoa, qavm bir-biriga yot – begona. Asl kim, noasl kim bilmaysan, xudo bergan jon omonat, halol mulking bolьshavoy degan qaroqchilar oyog‘i ostida xor.

Chol bo‘g‘ilib hovliga chikdi, havo etishmay hansirab nafas oldi. Supa o‘rtasidagi singan hassasiga ko‘zi tushib xo‘rligi keldi. Talonchi guruhga tayinli qarshilik ko‘rsatmasa-da, boriga qanoat qilmagan shaytonlar “Ko‘mgan tillangni topib ber» deb savalashdi. U majhul bir tarzda turarkan, Ollohdan yupanch istagandek osmonga qaradi, ko‘zlari tinib hech narsani ko‘rmadi. Shu holda biroz turgach darvozaga ko‘zi tushdi: “O‘, bachchag‘arlar, – dedi u, – olarini olib yana darvozani yopib ketishibdi-ya, qizil askar degani ishni puxta qilarkan…”

Chol darvozani lang ochib qo‘yarkan, “Talangan uyning nimasini bekitay, baribir, hammasiga Olloh shohidku”, deya o‘yladi. Xayol bilan sekin ko‘chaga chiqdi-yu bexos to‘xtadi, yuragini vahm bosib ortiga qaytdi. Buxoro Buxoroga o‘xshamasdi…

Shahar tepasida achchiq tutun, chang qotib qolgandi. Kecha-kunduz davom etgan otishma, yong‘in, bomba yog‘dirishdan so‘ng Buxoro asl qiyofasini yo‘qotdi. Erdanmi, ko‘kdanmi go‘yo jahannam dahshatini namoyon etgan bir balo Buxoroga jazo yog‘dirdi: yuz yillar avval qad ko‘targan Katta minora yarador, madrasalarning toqi teshik, aziz avliyolar qabri erparchin, Amir Sayid Olimxon xazinasi o‘lja, shahar ahli sarosima va dahshat ichra chorasiz…

Shunga qaramay Amir lashkarlari to‘rt kecha-kunduz dushmanga qarshi kurashdi. Talofot va xarobaliklar haddan ortib, shahar fuqarolari jon saqlash umidida mol-dunyosini tashlaganicha turli tomonga qochishdi.

Sayid Olimxonning ichki va tashqi harb quvvatidan xabardor Frunze ketma-ket hamlalar uyushtirib Buxoroni ololmagach, Chorjo‘yga Polьsha frontidan chaqirib, hozirlab qo‘yilgan maxsus samolyotlar dastasini jangga kiritishga buyruq berdi. Butun kun bo‘yi – erta tongdan to kech ko‘z ko‘rguncha shahar bomba ostida qoldi. Amir Olimxonning Buxoroni tashlab chiqishdan boshqa iloji qolmadi. Ming tzqqqiz yuz yigirmanchi yil chorshanba – jangning to‘rtinchi kuni Olimxon shohlik bog‘i sanalmish Sitorayi Mohi Xossadan chiqib G‘ijduvon tumaniga yo‘l oldi. Shu kundan boshlab mang‘itlar sulolasining ettinchi va oxirgi amiri Olimxonninig qadami Buxoroyi Sharifdan butkul uzildi…

Hukmdorsiz Buxoro yot qo‘llar ostida qo‘rqinchli tus olib, huvillab qoldi. Egasiz uylar, sohibsiz do‘konlarning eshigi ochiq yotar, mol-mulk talangan, sochilgan… Kunduz ko‘chalarda odam siyrak, barcha fuqaro — hunar ahlidan gadolargacha bekinib olib, takdirdan panoh izlar, o‘tgan dovul ta’sirida guyo qo‘l-oyog‘idan, hushidan ajragandek karaxt edi.

Avvaliga Buxoroning har bir g‘ishti qizil askarlarning ko‘ziga antiqa o‘lja bo‘lib ko‘rindi. Amir xazinasi – siymu zar, misdan yasalgan idishlar, ipak matohlar, kumushu marvarid, oltinlarni vagonlarga tashiyverib, nihoyat, ularning bir muddat ko‘zi to‘ygandek, uncha-buncha narsani nazar-pisand qilmay qo‘yishdi.

Frunze buyrug‘iga ko‘ra zudlik bilan maxsus guruh tuzildi. Kazaklardan iborat saralangan askarlar “inqilob”ning to‘rtinchi kuni Buxoro xonadonlaridan tillo yig‘ish mavsumini boshlab berdilar. Eshiklarini tanbalab, Ollohdan inoyat kutib yotgan qariyalar, ilojsiz bandalar, Buxoroga qattiq bog‘langan fuqarolar har bir damni tahlikada o‘tkazishar, molu jon qaroqchilari tunda xonadonlarga bostirib kirishar, uy egalarini qiynab-qaqshatib tilla talab qilishardi. Shaharda bu zulmkor to‘daning oldini to‘sadigan mard topilmadi. Mahallalar ahli har erta yuzi timdalangan, sochi yulingan, boshi bog‘liq qo‘ni-qo‘shnisiga ko‘zi tushib, sirdan ogoh bular, hech kim bir-biriga churq etmay navbat kutar, ertaga istalgan vaqtda o‘lpon yig‘uvchi Frunze jallodlari uyiga bostirib kirishidan xavotirda, yurak hovuchlab chora izlashardi. Chora esa topilmas, zulmning eshigi ochilgan, eb to‘ymas, talab to‘ymas tilloxo‘rlarning to‘ydimi yo‘q edi.

Amir ketganining ertasi tunda Zargar mahallalik o‘n besh xonadonni tong otguncha qiynashdi. Oilasini Buxoro atrofidagi qishloqlardan biriga yashirib qaytgan Qodirxo‘ja qaysar otasidan xabar olgani uyiga kirdi. Chol o‘lsam, o‘ligim hovlimdan chiqsin, mol-dunyo deb Buxorodan kechmayman, mening qochadigan gunohim yo‘q, deb hovlida yolg‘iz qolgan edi. Ertalab o‘g‘li kirib kelganida u oppoq surp ko‘ylak-ishtonda supa o‘rtasida bosh yalang, singan hassasini bag‘riga bosganicha haykaldek qotib, savdoyi yanglig‘ turardi. G‘isht yotqizilgan keng supa kovlab tashlangan, xonalar ag‘dar-to‘ntar edi.

Ota-o‘g‘il ikkisi bir-biriga tikilib qolishdi, ko‘zlar dardlashdi – hol aytdi, hol so‘radi:

“Otajon, olib ketay, qishloqqa yashiray, dedim, ko‘nmadingiz, axir bu ne ko‘rgulik?”

“O‘g‘lim, senga aytdimku, mening yashirinadigan, qochadigan gunohim yo‘q. Topgan mol-mulkim halol, o‘zimniki… Bariga chidayman, boshimga ne tushsa, Ollohdan deb bilaman. Lekin sendan bir so‘rog‘im bor. Senlar ishongan, yurtni buzib, yurt tuzaman deganlar qani bugun? Nega ular jim? Yurtim, dinim, amirim deb jangga kirgan lashkarlarniig xuni kammidi, nechun ular jonsiz minorani to‘pga tutdilar, Buxoro darvozalarini yondirdilar. Darvozalar yonmadi, mening jonim yondi, masjidlar qulamadi, men quladim. Otang moliga emas, joniga kuyadi, o‘g‘lim, Qodirxo‘ja?!” – cholning ko‘zlaridan yosh  dumaladi.

“Otajon, ne qil deysiz?! Shu topda qo‘limdan keladigani qochish, yo‘qsa, rozilik bering, Amir qo‘riqchilariga etib olay, ul zoti oliy xizmatini qismat deb bilay… Yurt buzib, yurt so‘raydiganlarga o‘g‘lingiz Qodirxo‘ja  ishonmagan, ularning xizmatidan hazar qilganman, ammo boshimda bir ulkan gunoh bordirki, har qancha yuvsada ketmaydi…”

“Bilaman o‘g‘lim, bilaman, Siz chetda turdingiz, qon-qardosh birodaringiz Fayzullaga qarshi chiqmadingiz, Amirni ham yoqlamadingiz – shunday emasmi? Bilib qo‘ying, o‘zini tanigan, hurmat qilgan odam uchun o‘rtada turish qiyin. Endi qismatingiz og‘ir kechadi.

Sizlar doim “Jabr-zulm ko‘kka etdi”, deb so‘zlashni xush ko‘rardinglar. Endichi, qo‘ni-qo‘shni, xeshu taborning holidan xabar oling, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring ularni, shoyadki haqiqiy zulm nimaligini anglasangiz. Shuni unutmangki, bizlarning xudodan bo‘lak sig‘inadigan, Buxorodan bo‘lak topinadigan joyimiz yo‘q!”

Qodirxo‘ja asta borib otasini ozorsiz bag‘riga bosdi. Ketma-ket zarbalarga xuddi Katta minoradek qaddini tutib bergan bu chol Zargar mahallaning davlatli, diyonatli, obro‘li oqsoqoli hisoblanar, u yakkayu yagona o‘g‘li Qodirxo‘ja bilan faxrlanar edi. To‘raxo‘janing asli kasbi zargarlik, so‘ngroq savdo bilan shug‘ullandi. O‘g‘li Qodirxo‘ja savodli, madrasa ko‘rgan yigit. U yaqin besh-olti yildirki, otasining yordamchisi, qariyadan butkul hisob-kitobu ish yuritishni qabul qilib olgan tadbirkor savdogar. Buxoroning hur fikrli jadidlari, savdo ahli, ayniqsa, atrof tumanlardagi o‘ziga to‘q xonadonlardan ko‘plab yaqinlar orttirgan mulohazakor Qodirxo‘ja har qancha o‘ylamasin, qizil qo‘shinning istilosini anglayolmasdi. Nechun bu tartib vayron etish, yondirish, shafqatsiz qirish, talash… Yo‘q, inqilob degani bu taxlit bo‘lmas, zo‘ravonlik bu, bosqinchilik! Yurtparvar millat kishilari nechun bu qirg‘in-barotga yo‘l qo‘ydilar, nega xalqning bor-yo‘g‘i bilan hisoblashmay o‘lpon yig‘adilar?

Qodirxo‘ja otasining qo‘ltig‘idan suyab ayvon zinasiga etakladi. Chol bir zina bosib-bosmay to‘xtadi:

– Millat qayg‘usida Buxoroga qo‘shin chorlagan birodarlaringiz qayda, nechun indamaysiz, o‘g‘lim?

Qodirxo‘ja tushundi, otasi “Yosh buxoroliklar”ga* sha’ma qilyapti. Darvoqe, nechun do‘sti Fayzulla buning kabi talonga beparvo, jimgina kuzatib turibdi. Shaharni kofirga to‘ldirib, o‘zi qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?

– Otajon, o‘zingizga ma’lum, uch kundirki oilamiz tashvishi bilan bandman. Buxoro egasiz qoldi. Egasiz yurtni talashar ekan. Boshi berk – chorasiz ko‘chaga kirib qoldik, kimga ishonishni bilmaysan kishi.

– O‘zingizga ishoning,  Qodirxo‘ja,  yurtning egasi bor, bugundir,  ertadir buzg‘unchilar,  yurt talashganlar jazosini topadi, o‘zi boshlab kelgan yarog‘ boshini eydi. Yurt bosib baraka topish mumkindir, ammo shuni bilingki, yurt sotib baraka topmaysiz. Moldanku kechdingiz, endi jondan kechib bo‘lsa-da, birodaringiz Fayzullaga uchrang, sizga aytgan omonat so‘zimni unga etkazing. Qo‘lidan kelsa itlarini bog‘lasin, xalqqa jabr bo‘ldi, xo‘-o‘b jabr bo‘ldi, talagani etar, haqqi qolmadi! O‘z qavmiga ozor etkazgan baraka topmaydi, – chol zinaga horg‘in cho‘kar ekan, Qodirxo‘ja angladiki, otasining unga aytadigan so‘zi tugadi. Umr bo‘yi zar yiqqan, tillo yiqqan odam nechun bugun yo‘qotgan mol-dunyosiga achinmaydi, yurt deydi, qavm deydi, qaddi tik, yuragida g‘alayon… Qodirxo‘ja ostona hatlab ko‘chaga otilarkan, ushbu mulohaza yuragini o‘tdek kuydirdi.

Fayzullaga havasmand o‘sgan Qodirxo‘ja dastlab islohottalab “Yosh buxoroliklar”ga xayrixoh, so‘ngra firqaning Buxoroda islohot o‘tkazish loyihasi bilan tanishib, loyihaning er-suv, harb va moliya ishlari, maorif va nozirlar kengashi kabi bo‘limlarini ma’qullagan, bu haqida do‘sti Fayzullaga ham bildirgan edi.

U shaharning xarobaga aylangan ko‘chalaridan o‘tib borarkan, shunday o‘ylardi: “Yaqingacha Fayzullani meningdek do‘stlari ko‘p edi, birin-ketin tarqab ketdik, ajrashdik, u esa ahdidan qaytmadi. Nechun men inqilobchi bo‘lmadim, xudo asradimi, jur’atim etmadimi yo uningdek zamondan o‘zib yasholmadimmi?” – Qodirxo‘ja shunday o‘ylarkan, barcha niyatu maslaklarining chilparchin sinishi – teskari aksidan o‘ziga kelolmasdi.

Katta minora va masjid atrofidan uzoq aylanib yurdi. Qoraygan g‘isht, tuproq uyumlari qabristonni yodga soladi. Hafta oldin shaharning eng obod, fayzli manzili hisoblanmish bu aziz joylarda besh-oltitadan bo‘lib qizil askarlar turar, ular xarobalarni qo‘riqlashayotgandek tevarakni ziyrak kuzatishar, yarador minoraga hech kimni yaqinlashtirmas edilar.

“Qay bir gunohing uchun bag‘ringni to‘pga tutdilar ey, bobo minor?! – Qodirxo‘janing bag‘ri xun bo‘ldi, ko‘zlari yoshga to‘ldi, yutindi, ammo kiprik qoqmadi. – Kuchga to‘lgan, do‘st-dushmanning farqiga borgan erkak yig‘lamaydi, yo‘q, zinhor yig‘lamaydi. O‘zingni tut Qodirxo‘ja, chaqirilmagan mehmonlar yonida past ketma, ularga aytadigan so‘zing bo‘lsa, yig‘lamay, qo‘rqmay ayt, toki ular seni shu tuproqning farzandi, egasi ekanligingni bilishsin! Bir o‘q bilan, o‘n o‘q bilan qulamagan minoradan uyal, u sendan madad emas, nomus kutadi… Qani endi Fayzullani tezroq topolsam, axir u mendan, Amirdan-da Buxoroni ortiq sevardi, hammamizdan ortiq sevardi. Amirga taxt meros bo‘lsa, bizga Vatan, Buxoro merosmasmidi?..»

Mushtlarini tugib, askarlarga yaqinlasharkan, qulog‘iga begona – ruscha so‘zlar chalindi:

–  Stoy!

–  Kuda tы, sart?

–  Po moemu on bay!

– Amirning qarindoshimikan, otamiz! – askarlar birin-ketin girdini o‘rab olishdi. Qodirxo‘ja o‘rtada to‘xtab qoldi.

“Otamiz”, dedimi? – u bir xil kiyingan askarlarga razm solarkan, o‘zbekcha so‘zlagan yoshgina yigitga tikilib qoldi. Bexos otasining: “O‘g‘lim, mening qochadigan gunohim yuq”, – degan so‘zlarini esladi. U otishga ishqiboz askarga yaqinroq borib:

– Qochmaganni, qo‘rqmaganni otasizmi, yigit?! – dedi kinoya bilan. – Qo‘yingchi, birodar, o‘zlari kim bo‘ladilar, sarpolar qulluq bo‘lsin, xo‘p yarashibdi! Sizga yarog‘ tutganlar adashmabdi, barakalla, oting meni, nega qarab turibsiz, kamlik qilsa, ana, Minorayi kalonni oting, qulating, nega qarab turibsizlar?!

Askar bola qilt etmay:

– Men qizil askarman, inqilob qo‘riqchisi, o‘zingiz kimsiz, hujjat?! – dedi jiddiy.

– Hujjat sizda bo‘ladi, qizil yigit, men buxorolikman, buxorolik Qodirxo‘ja! Meni kattangizga boshlang, aytadigan gapim bor.

– Kattamiz  shtabda, o‘rtoq Frunze nihoyatda band, u sizni qabul qilmaydi, gapingiz bo‘lsa, marhamat, o‘rtoq komissarga ayting, – dedi u chekkarokda nopisand qarab turgan mallasoch kishini ko‘rsatib.

“Yo rab, otam bashoratchi ekan, “Endi qismatingiz og‘ir kechadi, o‘g‘lim”, deb hozirgina aytmaganmidilar? Nohotki endi gapiradigan so‘zimga, bosadigan qadamimga shulardan ijozat so‘rasam? Buxoroning qo‘ldan ketgani rostga o‘xshaydi. Yo, Amiri a’zam, qadringizga etmabmizku, biz g‘ofil bandalarni shayton yo‘ldan ozdirmish, mana oqibat, mana inqilob!”

Bu orada askar yigit komissarning so‘zlarini Qodirxo‘jaga etkazishga shoshildi:

– O‘zingizni tanishtiring, o‘rtoq grajdanin, taqiqlangan zonaga ne maqsadda kirdingiz?

– Boya aytdimku, nega anglamaysiz, buxorolik Qodirxo‘jaman, do‘stim Fayzullada ishim bor. Uchrashmoqchiman.

Askar uning so‘zini komissarga etkazdi. Komissar chirt etib erga tufurarkan, nimalardir dedi, asabiylashdi. So‘ng qizil askar boshlig‘ining so‘zini shunday etkazdi:

– O‘rtoq komissar sizga ishonmaydi, u deydiki, duch kelgan buxorolik o‘zini Fayzulla Xo‘jaevga do‘st deb tanishtiradi, bo‘lmagan gap bu. Sizlar uni yomon ko‘rasiz, siz feodallardan uni himoya qilish bizning burchimiz. Xo‘jaev Buxoro inqilobining kaliti, u bizga kerak. Tushundingizmi? Endi biz bilan yurasiz, shaxsingizni aniqlash lozim.

– Chig‘iriqdan o‘tasan deng, menga ishonmaysizmi, to‘g‘ri qilasiz, begona yurtning shohi gadosi-da bir, ishonmanglar, ishonmanglar menga!

– Grajdanin Qodirxo‘ja, nega unday deysiz, Buxoro bizniki, biz uni ozod qildik, yot qo‘llardan, manfur amirdan ozod etdik, yashasin Inqilob! Yoki siz bizga qarshimisiz, xato qilasiz, sizning o‘rningizda men bo‘lganimda mana bu, eski tuzum sarqiti – amirning soyasi ajal minorasi hisoblanmish balandlikka chiqib “Yashasin inqilob!”, deb jar solardim.

– E, shunday deng, ajal minorasi deb nomladinglarmi, yo‘q, iymon  minorasi bu, sizlar kelguncha minorada so‘fi azon aytgan, barcha mo‘min-musulmonni e’tiqodga boshlagan, – uning so‘ziga hech kim e’tibor bermadi.

O‘ziga yarashiqli kiyim kiygan Qodirxo‘jani o‘rtaga olib ketisharkan, yonidagi mallasoch askar cho‘ntagiga qo‘l suqdi:

– Tilla bar? Zoloto, zoloto?

***

…Frunze askarlarining muvaqqat shtabi Amir Olimxon Arkiga joylashgach, inqilob uchun xavfli sanalgan har bir kishining taqdiri shu joyda hal etila boshlandi. Gumondorlar guruhlarga bo‘linib, hukmdorga yaqinlar Amir xonadoni bilan yuzlashtirish uchun tutqunlikda saqlanardi. Asosiy shtab esa Kogon temir yo‘li stantsiyasida. Qizil askarlar Qodirxo‘jani Arkka sudrashgan paytda Fayzulla shahardan chetda – Kogonda o‘zi uchun ajratilgan vagonda yolg‘iz edi. Frunze uning Buxoroda turishini ma’qul topmadi, suiqasd uyushtirishlarini ro‘kach qilib, vaqtinchalik maxsus vagonda yashashini maslahat (aslida buyruq) berdi. Frunze ushbu tadbiri bilan ikki vazifani ado etdi: birinchisi, Xo‘jaevning chetda turishi shaharda o‘z istagicha tintuv o‘tkazish, xohlagan odamni qarshiliksiz qamash, otish – har burchida xazina yashirilgan Buxoro boyliklarini ruxsatsiz yig‘ish imkonini berdi; ikkinchisi, inqilob kurashchisining hayotini kafillikka olib, qizil armiyaning sadoqatini namoyish etdi.

Xar ikki tadbirni manfaat asoslar, manfaat oqlar, shu bois qarshilikka o‘rin yo‘q edi.

Kecha-kunduz qo‘riqlanayotgan vagonlarda tinimsiz tilla yuklanar, arava, foytunlar uzluksiz qimmatbaho buyumlar tashir, inqilobning dastlabki hosilini Buxorodan Kogonga zavq-shavq bilan yig‘ishardi.

Fayzulla Xo‘jaev ilk kunlardanoq, savdogar otasidan meros qolgan jamiki boyligini inqilob g‘alabasi uchun ixtiyoriy topshirdi. Aytish mumkinki, bu borada u shaxsiy namuna ko‘rsatdi. Uningcha, e’tiqod sinovining bundan bo‘lak ishonchli usuli yo‘q edi. Uzoq muddat Buxoroning mustaqil, rivojlangan tenglik va adolatli qonunlar ustivorligi asosida qurilgan davlat bo‘lishi uchun kurashgan ekan, bunday ulug‘ maqsad uchun nainki shaxsiy mulk – boylik, jondan kechishga ham tayyor edi u.

Inqilob qurbonsiz bo‘lmas! – bu shior davrning nafasi, jamiki yo‘qotilgan, boy berilgan boylik, hatto to‘kilgan qon o‘rnini bosishga arzirli taskinbaxsh mezon edi. U har bir qadamini shu mezon bilan o‘lchar, ikkilanmasdi.

Qarshi darvozasi portlatildi. Katta minora to‘pga tutildi. Ark yarim vayronaga aylandi, masjidlar ustiga bomba yog‘di, samolyot neligin ko‘rmagan, bilmagan Buxoro ahli qurbon bo‘ldi, qirildi. Hammasiga guvoh: shafqatsiz rejaning ishtirokchisi u. “G‘aflat bosgan Olimxon Buxoro taqdirini o‘ylaganida, avvalo, harb quvvatini oshirmasmidi, o‘zganing himoyasiga ishongan podshoh qanday qilib o‘z yurtida erkin bo‘lsin, bugun bo‘lmasa ertaga, u albatta, Buxoroni topshirmasmidi?”

Yolg‘izlikda o‘tayotgan har lahza Fayzullaga tinchlik bermas, o‘zicha turli sabablar topardi: “Agar u bizning islohotlarni qabul qilib, amalga oshirganida, bugun Buxoro talanmasdi, ammo u qo‘rkdi, o‘zidan qo‘rqdi, taxtdan qo‘rqdi. Olimxon uzoqni ko‘rolmadi, o‘ziga ishondi, pilta miltiq bilan qurollangan qari lashkarlariga ishondi. Taqdir men taraf bo‘lib, rus quroli bilan uni enggan ekanman, qismatdan tonmayman! Otadan davlat qoladi, mol qoladi. Lekin unga mamlakat qoldi, Buxoro qoldi, u shunga loyiqmidi? Olimxon Buxoroni boshqarolmadi…”

Buxoro talanar, Buxoro yonar, u esa o‘z-o‘zi bilan xayol talashar, o‘tgan voqealar bo‘lak imkon bermasdi. Ming to‘qqiz yuz o‘n sakkizinchi yilgi Kolesov jangidan so‘ng uning eng katta imkoni jim turish edi. Bir marta ishonchni yo‘qotgan mahalliy inqilobchi ikkinchi bor qizil armiyaning madadidan umidini uzishi kerak. Lekin unga ishonishdi. Fayzulla bo‘lgani uchun, kerak bo‘lgani uchun ishonishdi…

U shunday o‘ylasa-da, so‘nggi ikki-uch kunlik voqealar silsilasi, bir-yarim yoniga kelib ketayotgan yaqinlari, maslakdoshlar, qarindoshlarining ochiq-oydin noroziliklari bir daqiqa bo‘lsin tinchlik bermasdi. Rost, qizillarning madadi qimmatga tushdi, lekii na chora, endi ortga yo‘l yo‘q, ko‘priklar sindi.

Nihoyat, vagon pardasini surib atrofni kuzatdi: askarlar terlab-pishib ahdu jahd bilan elkasiga qop tashir, birin-ketin to‘lgan vagonlar eshigi tanbalanib, soqchilar soni ortib borardi. “Agar shu bilan qutulsam, shu bilan ularning qadami Buxorodan uzilsa, – deya o‘ylardi u, – bilingki, Buxoro o‘zining ikkinchi umrini boshlaydi, biz yangi, mustaqil davlatning poydevoriga g‘isht qo‘ygan bo‘lamiz…» Ammo bunga hali erta, o‘y-xayollari tor vagonda, askar qo‘riqchiligida, Buxorodan chetda kechayotgan orzu ekanligini bilmasdi. Buxoro voqealari shu qadar shiddat bilan kechdiki, endi u temir go‘shasida tinch turolmas, shoshilinch rejalar tuzar, yon daftariga qaydlar yozar, kimlar bilandir xayolan bahslashar, vazifalar taqsimlar, xullas, vaqt unga, u vaqtga tinchlik bermasdi.

Noxos eshik taqillab, soqchi ko‘rindi:

– Sizni so‘rab kelishdi.

– Kim!

– Do‘sti Qodirxo‘jaman, deydi, ruxsatnomasi bor.

– Kirsin.

Qodirxo‘ja vagonga kirganida Fayzulla yarim surilgan parda yonida turib, bir mahallada ulg‘aygan bolalikdagi o‘rtog‘i haqida o‘ylardi: “Kelgani yaxshi bo‘ldi, u meni tushunadi, o‘tgan ginalarni unutamiz, endi bizni ish birlashtirsin, Buxoro birlashtirsin”.

Do‘sti Qodirxo‘ja Fayzulla kutganchalik quchoq ochmadi, hayajonlanmadi, begona, butunlay yot bir kishiga ko‘zi tushgandek ajablanib qarab turdi. Bir daqiqalik og‘ir sukunat Fayzullaning yuragiga toshdek qadaldi. “Nega meni tushunishmaydi, nechun menga bunday qaraydilar, hammaning qo‘li mening yoqamda, axir menga ham suyanchiq kerak, qani o‘sha mard, atrofimda ustoz Fitratdan boshqa hech kim qolmadi!”

Jimlikii Fayzulla buzdi:

– Do‘stim, toqating etsa, yana bir dam jim tur, gapirma. Men bir oydinlik tilayman, ko‘nglim esa kun sayin qora, qop-qora: kuching etsa, menga qo‘lingni uzat, madad ber, qadamim yorug‘likka etsin, u yog‘ini o‘zimga qo‘y, albatta qaddimni tiklayman!

Qodirxo‘ja hamon jim, o‘sha sovuqqonlik ila qarab turaverdi.

“Bir dunyo kek bilan kelgan, yaxshi hamki quroli yuq…”

– Sen boshqa yurtning odamisan, – sokin tilga kirdi Qodirxo‘ja, – tanimayman seni, yolg‘onmi? Atrofingda soqchilar, ortingda yuk to‘la vagonlar! Sen men uchun guyo Buxoroga kelgansanu savdongni pishitib, yana to‘lib-toshib yurtingga ketayotgandeksan! Qayoqqa jo‘natayapsan bu oltinlarni?! Buxoroga qasding bormidi?! Yana qo‘l cho‘z deysan, madad ber deysan, sen shaytonga qo‘l uzatding, senga shayton madad bersin! Otangdan, mol-davlatingdan, hammamizdan kechib topgan taxtingga tupurdim! Nima qilib turibsan bu erda bekinib, olib chiq temir taxtingni, Arkka o‘rnat! Olimxon ketdi, endi u yo‘q!

– Buxoroga qasding bormidi! – Fayzulla Qodirxo‘janing  so‘zini takrorladi. – Kecha  amakim ham xuddi shu gapni aytdi. Azobku bu da’voni eshitish, tushuntirish azob, chidash azob. Men senlarning qay biring bilan aytib-eshitay! Shu kungacha yolg‘iz edim, nahotki, yana yolg‘izlik qismatim bo‘lsa? Bunaqada men kim bilan Davlat quraman?! Yo‘q, senlar ginani bilasan, xatoni ko‘rasan, ammo suyanchiq bo‘lolmaysanlar!

– Gapirma, senga suyanchiq bo‘lishdan xudo asrasin! Yurtini kofirga topshirgan odamni men tushunmayman!

– Mening o‘z rejam, maqsadim bor. Senlar yurtni emas, o‘z moling, joningni o‘ylaysan! Bugun bo‘lmasa ertaga meni xalq tushunadi. Olimxondan qutulganiga shukur qiladi, ko‘zi ochiladi…

– Olimxonni sen qanchalik bilsang, men ham uni shunchalik bilardim. Men taxt havasidan uzoqda edim. Tinchgina oilam, kasb-korim, yuragimda shukronam bor edi – hammasini to‘zitding! Koshki to‘zg‘igan bir men bo‘lsam? Ayt! Da’voga arzimaydimi bular?! Javob berasan, hammasiga javob berasan, yurtning da’vosi elkangda turibdi, ko‘zlaring ko‘r sening – ko‘rmaysan, quloqlaring kar sening – eshitmaysan!

Mutelik, bo‘shanglik Fayzullaning tabiatiga yot edi. Maqsadga erishishning qonli yo‘li, vayronagarchilik, ko‘plab yaqinlaridan ajralish uni yanada teranroq o‘ylashga, Buxoro bilan bog‘liq har bir katta-kichik voqeani qayta-qayta tafakkur mezonidan o‘tkazishga majbur qilardi. Shafqatsiz vaqt hafta ichida o‘z hukmini o‘qigan, shikoyatga o‘rin yo‘q edi. Endi buyog‘iga puxtaroq rejalar tuzish, yon berish, pinhona kurashishdan o‘zga chora yo‘q. Aldandim, desinmi, xato qildim, desinmi, uzr so‘rasinmi – bundan ne foyda? Maqsadi aniq ekan, qaytmaydi, qaysar taqdir unga yon bosmaguncha kurashaveradi.

– Cho‘ntagimdagi so‘nggi aqchamni ham tortib olishdi, – Qodirxo‘ja hamon tik turganicha gapirardi. – Bu qadar pastkashlik?! Ishongan tog‘ing shularmidi? Qaroqchiku bular, gadoku bular! Tunda otamni tunashibdi. Butun mahallani qon qaqshatib, ko‘zi tushgan odamdan tilla talab qilishadi! Kechalari uyma-uy izg‘ib o‘lpon yig‘ishadi… Qarg‘ishga qolding Fayzulla, qo‘lingdan kelsa itlaringni bog‘la. Xalqni talagani etar, sendan qizillar minnatdor bo‘lishsa, shu yog‘i ham etib ortadi. Amirni qulatishta etgulik, balki ortiqroq xizmat haqi to‘lading! Endi ayt, bizga tegmasin, beva-bechoraning ohi senga etmasa, Ollohga etadi!

– Qodirxo‘ja! – Fayzulla uning kiftidan changalladi. –Xotinqarg‘ish so‘zlaringdan to‘ydim! Yaxshilab eshitib ol: Buxoro shu kungacha vatanim edi, endi esa qismatimga aylandi! Bilasan, qismatdan hech kim kecholmagay. Agar taqdir ustimdan kulmasa, Buxoroni qaytadan quraman. Sen hali Fayzullani bilmaysan!..

Sergak soqchi tahdidli ovozdan hushyor tortib, vagonga otilib kirdi. Fayzulla mallasoch askarga zo‘rma-zo‘raki jilmayib  “Hammasi joyida, chiqib tur”, dedi ruschalab.

Kutilmaganda askarning paydo bo‘lishi har ikkisinida hushyor torttirdi. Fayzulla uchun ichki va tashqi tartib o‘rnatilgan – u eng yaqini bilan ham vagonda uzoq gaplasholmas, kim bilan nima haqida suhbatlashgani uchun hisob berishga majbur edi. Guvohlarsiz suhbat o‘ziga choh qazishga teng, buni anglamaslikning iloji yo‘q, to shu kungacha asrab-avaylab, jonu taniga qalqon bo‘lib kelgan Kogon stantsiyasidan kunma-kun uzoqlashayapti. Rost, hayotini asrash vajida temir qutida, soqchilar qo‘riqchiligida yotar ekan, ko‘ngliga bostirib kirgan begonalik hissi kun sayin kattalashib, ulkan to‘siqqa aylanib borayapti.

U vagon bo‘ylab asta yura boshladi, butkul tinchini yo‘qotdi. Biri-biridan chalkash, xavotirli o‘ylar ta’sirida vagondan otilib chiqqisi keldi. Uning chorasiz paytlari ko‘p bo‘lgan, lekin bugungidek o‘tgan voqealarning barcha malomati yig‘ilib boshidan yog‘ilmagan edi. Nimalar bo‘layapti o‘zi? Bari uning ixtiyorisiz kechdi, u biladiki, uning xohishidan-da shiddatli, qudratli bir kuch Buxoroga bostirib kirdi. Frunze lashkarlarining qadami etgan Buxoroga hammadan ko‘proq u mas’ul emasmidi?..

Bir muddat jimlikda kechgan fursat soqchilarni yanada hushyorlikka chorladi. Bu gal ular vagon panjarasidan poylashdi, hatto birisi poylaganini ataylab yashirmadi, tirjayib, ochiq-oydin ichkariga razm soldi.

– Kimni poylashayapti, – so‘radi Qodirxo‘ja, – menimi yo…

– Meni poylashayapti, ularga men kerakman.

– Yo‘q, xato qilasan, Fayzulla, ularga sen emas, Buxoro kerak! Holingni ko‘rib hammasini angladim, endi qo‘lingdan bir ish kelishi mushkul, sen allaqachon bolshavoyning aravasiga mingansan, o‘z ixtiyoringcha tushmaysan, tusholmaysan, jo‘shib-jo‘shib qo‘shig‘ini aytasan, aytmasang ayttiradi!

Fayzulla uniig so‘zlarini eshitmagandek, xotirjam ko‘zlariga tikildi:

–Dustu birodarlarga ayt, Buxoroni tashlab ketishmasin, hali bir-birimizga kerak bo‘lamiz. Yanglish fursat tez o‘tadi, menga ishoninglar Qodirxo‘ja. Kel, endi xayrlashamiz do‘stim.

– Ketaman, – dedi Qodirxo‘ja orqaga tislanib, – lekin senga ishonmayman, Fayzulla, ishonmayman! Ollohga qasamki, baringdan o‘ch olaman, toki tirik ekanman, o‘ch olaman…

U eshikni taraqlatib yopdi.

***

Bir muddat o‘tgach, ketma-ket o‘q ovozi eshitildi. Qodirxo‘ja chuqur xandaqda qonga belanib yotar ekan, Fayzullaning so‘nggi so‘zlarini esladi: «…Yanglish fursat tez o‘tadi, menga ishoninglar, Qodirxo‘ja…” U ko‘zlarini katta ochib, chidam bilan xo‘rsindi. Ko‘zi elas-elas tepasida belkurak ko‘targan qizil askarga tushdi.

U hali joni chiqmagan – tirik jasadini tuproqqa qorishtirayotganlarini tomosha qilib yotdi, ko‘zlarini yummadi, yumolmadi. Boshi uzra – osmonda elas-elas yarador Katta minora akslandi. Bir o‘q bilan, o‘n o‘q bilan qulamagan minoradan madad istagandek o‘ng qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lib talpindi-yu shu lahza elkasiga tosh urildi, yuziga qum tushdi, ko‘zlari uni zulmat qa’riga tortib ketdi.

Rajabboy RAUPOV

 

SHARE