Amerika hokimiyati asoslari

“Barcha insonlar teng yaratilgan”

Ko’plab amerikaliklar “Mustaqillik Deklaratsiyasi”da joy olgan quyidagi so’zlarni yoddan biladi:

“Biz quyidagilarni ochiq-oydin haqiqat deb bilamiz:  barcha insonlar teng yaratilgan va ularga Yaratgan tomonidan yashashga, erkinlikka va baxtli bo’lishga nisbatan ajralmas huquqlar berilgan”.

Bu jumlalar Amerikada barcha insonlar bir xil asosiy huquqlarga ega ekanini anglatadi. Ushbu tamoyilga ko’ra, davlat bu huquqlarni yaratmaydi va hech bir davlat shaxsni ushbu huquqlardan mahrum qilishi ham mumkin emas.

“Yanada mukammal Ittifoq”ning shakllanishi

Mustaqillik uchun urushdan so’ng bir necha yil davomida shtatlar markaziy davlat tuzishning turli yo’llarini ko’rib chiqishdi. Ammo bu yagona davlat juda kuchsiz edi. Shuning uchun 1787-yilda barcha shtatlar vakillari Filadelfiya (Pensilvaniya shtati) shahrida yangi, yanada mukammal davlat yaratish uchun yig’ilishdi. Bu yig’in “Konstitutsiyaviy Majlis” degan nom bilan mashhur. Uzoq bahsdan so’ng shtatlar vakillari davlat shaklini o’zida ifodalagan yangi hujjat qabul qilishdi. Bu hujjat AQSh Konstitutsiyasi edi. U Amerika tarixidagi eng muhim hujjatlardan biri hisoblanadi. Konstitutsiyada yangi davlat qanday tashkil topishi, mansabdor shaxslarning qay tartibda saylanishi va yangi markaziy boshqaruv qanday huquqlarni kafolatlashi yozilgan.

“Ko’hna shavkat”— AQSh Davlat bayrog’i

AQSh davlat bayrog’i davlat tarixi davomida o’zgarib kelgan. Hozirgi bayroqda 13 ta ilk Amerika koloniyalarini bildiradigan 13 ta chiziq mavjud. Har bir shtat uchun bittadan 50 ta yulduzcha mavjud. Amerika milliy madhiyasi uning bayrog’iga yozilgan bo’lib, u “yulduzli yozuv” deb ham ataladi. Bayroqning yana bir nomi “Yulduzlar va chiziqlar” bo’lib, amerikaliklarning eng sevimli qo’shiqlaridan biri bo’lgan “Yulduzlar va chiziqlar hamisha” qo’shig’i shunga bag’ishlab aytilgan.

Konstitutsiyaviy Majlis a’zolari 1787-yil 17-sentabrda Konstitutsiyani qabul qilishdi. Uni 13 ta shtat tan olishi kerak edi. Ba’zilar Konstitutsiya har bir shaxs huquqlarini himoya qilishga qodir emas, deb hisoblagani uchun shtatlar Konstitutsiyaga shaxsiy huquqlar ro’yxati qo’shilsagina uni qabul qilishga kelishishdi. Konstitutsiya 1789-yilda barcha shtatlar tomonidan qabul qilindi.

Shaxsiy huquqlar ro’yxati “Huquqlar to’g’risidagi Bil” nomi bilan mashhur bo’lib, 1791-yilda Konstitutsiyaga ilova qilingan. Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlar to’g’irlashlar deb nomlanadi. Konstitutsiyaga kiritilgan ilk o’nta  to’g’irlash “Huquqlar to’g’risidagi Bil” nomi bilan tarixga kirgan.

Amerika Qo’shma Shtatlarida mamlakatni qonunlar boshqaradi. Davlat xizmatchilari qarorlarni ushbu qonunlar asosida chiqaradi. Konstitutsiya “mamlakatning oliy qonuni” sifatida mashhur va har bir fuqaro, davlat xizmatchilari va har bir qabul qilingan qonun Konstitutsiya prinsiplarini qo’llab-quvvatlashi kerak. Qonun oldida barcha barobar. Federal organlar vakolati cheklangan. Konstitutsiya tomonidan federal hukumatga to’g’ridan to’g’ri taqdim etilmagan vakolatlar shtatlarga tegishli vakolatlar hisoblanadi.

“Biz – AQSh xalqi”

“Biz, AQSh xalqi” – AQSh Konstitutsiyasining ilk so’zlari hisoblanadi. Konstitutsiya nima uchun Konstitutsiya yaratilganligi va u o’z oldiga qanday maqsadlarni qo’yganligini tavsiflash bilan boshlanadi. Konstitutsiyaning bu qismi muqaddima yoki preambula deyiladi.

“Biz, Amerika Qo’shma Shtatlari xalqi, yanada mukammal Ittifoq tuzish, Adolat o’rnatish, ichki osudalikni kafolatlash, umumiy mudofaa yaratish, umumiy farovonlikni targ’ib etish va Ozodlik Ne’matlarini o’zimiz va kelajak avlodga yetkazish uchun ushbu Amerika Qo’shma Shtatlari Konstitutsiyasini o’rnatamiz va qabul qilamiz”.

Konstitutsiyaga kirgizilgan ilk to’g’irlashlar fuqarolar huquqlarini himoya qilish va davlat hokimiyatini cheklashga qaratilgan. “Huquqlar to’g’risidagi Bil”da Amerika xalqiga va’da qilingan muhim erkinliklar ko’rsatilgan. Ushbu huquqlarning ko’pchilik qismi davlatning fuqarolar bilan munosabatdagi imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan. Quyida ushbu huquqlar to’g’risida qisqacha ma’lumot beramiz:

  • So’z erkinligi. Davlat odamlarga nimani so’zlay olishi va nimani so’zlay olmasligi haqida ko’rsatma berishga haqqi yo’q. Odamlar istagan jamoaviy muammolar haqida jazolanishdan qo’rqmasdan so’zlashi mumkin.
  • Vijdon erkinligi. Davlat odamlarga nimaga yoki qanday ibodat qilish haqida ko’rsatma berishga haqli emas. Odamlar o’z xohishlariga ko’ra istagan e’tiqodga kirishi yoki hech bir e’tiqodda bo’lmaslik huquqiga ega.
  • Matbuot erkinligi. Davlat gazetalarda nima nashr qilinishi yoki radio va televideniyada nima efirga uzatilishi haqida ko’rsatma berishga haqli emas.
  • Jamoat joylarida yig’ilishlar o’tkazish erkinligi. Davlat odamlarning qonuniy ommaviy yig’inlarga qatnashishiga to’sqinlik qilishga haqli emas.
  • Qurolga egalik qilish erkinligi. Davlat odamlarning qurolga ega bo’lishiga to’sqinlik qilishga haqli emas.
  • Davlat xatti-harakatlariga qarshi norozilik bildirish va o’zgartirishlarni talab qilish erkinligi. Davlat odamlar norozi bo’lgan davlatning bahsli xatti-harakatlari haqida odamlarni so’zlamaslikka majburlashga va jazolashga haqli emas.

“Huquqlar to’g’risidagi Bil”, shuningdek, munosib huquqiy protsedurani ham kafolatlaydi. Munosib huquqiy protsedura – bu biror shaxsni jinoyat sodir etganlikda ayblashdan oldin o’tkazilishi lozim bo’lgan ma’lum yuridik harakatlar tizimi hisoblanadi. Politsiya va harbiylar yetarli asoslar mavjud bo’lmasdan turib biror shaxsni ushlab turishi yoki tintuv qilishi, shuningdek, sudning ruxsati bo’lmay turib biror shaxs uyida tintuv o’tkazishi mumkin emas. Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxslar ishlari darhol u kabi insonlardan tashkil topgan hakamlik sudlari tomonidan ko’rib chiqilishi kafolatlanadi. Ayblanuvchi yurist xizmatidan foydalanish, o’z himoyasi uchun guvohlar keltirish huquqi bilan kafolatlanadi. Shafqatsiz va g’ayrioddiy jazolarni qo’llash taqiqlanadi.

Konstitutsiyaga o’zgartirishlar

AQSh Konstitutsiyasi “tirik hujjat” deya nomlanadi, chunki Amerika xalqi shtat va federal darajadagi hokimiyatlarga o’z vakillari orqali qatnashib, Konstitutsiyani kerakli hollarda o’zgartirishi mumkin. Bunday tuzatishlar Konstitutsiyaga tuzatishlar deya ataladi. Konstitutsiyaga to’g’irlash kiritish uzoq va qiyin jarayon hisoblanadi, shuning uchun ham Amerika Konstitutsiyasi tarixida bunday hodisalar 27 marotaba sodir bo’lgan xolos. “Huquqlar to’g’risida Bil”dan tashqari Konstitutsiyaga kiritilgan asosiy tuzatishlar quyidagilardan iborat:  13-tuzatish—qulchilikni man etish, 14-tuzatish—har bir fuqaroga teng huquqiy himoyani kafolatlash va 19-tuzatish—ayollarning saylash huquqini kafolatlash.

Dilorom ABDULLAYEVA tayyorladi.

SHARE