Yo’lovchi yoxud “Mening ismim Xon” filmiga sochma taqriz

Zahiriddin BOBUR
U yo‘lovchi edi. Aniqrog‘i, yo‘l ovchisi edi. O‘z oldiga aniq bir maqsad qo‘ygan yo‘lovchi. U yo‘llarni izlardi. Demak, u yo‘l izlovchi ham edi. Bundan u darbadar edi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Negaki, darbadarda maqsad bo‘lmaydi…

* * *

— Vashingtonga nega ketyapsiz?

— Prezident bilan uchrashgani…

— Nima, u sizning qarindoshingizmi? Yoki terrorchilar qaerdaligini aytmoqchimisiz?

— Yo‘q, yo‘q! Men aytadigan gap bu emas.

— Xo‘sh, unda prezidentga nima demoqchisiz?

— Unga aytmoqchi edimki, mening ismim Xon va men terrorchi emasman…

* * *

U rostgo‘y ham edi. Haqiqatni aytishdan qo‘rqmasdi. U faqat ikki narsadan qo‘rqardi. Autizm kasalligiga chalingani bois, shovqin va sariq rangdan. Lekin buni qo‘rquv deb bo‘lmasdi. Buni ojizlik yoki, yana ham aniqrog‘i, Alloh tomonidan ravo ko‘rilgan bir kamlik deyish mumkin edi. U qo‘rquvning uyat joyi yo‘qligini, faqat unga erk berib qo‘yish kerakmasligini bilardi…

* * *

U maktabda ham o‘qimagandi. Ya’ni maktabga bunday «ahmoq»larni sig‘dirishmasdi. Lekin uning o‘z ustozi bor edi. Onasining saboqlari unga hayotni to‘g‘ri anglashni o‘rgatdi. Yoxud o‘zining ta’biri bilan aytganda, «onasi bergan saboqlar hech qaysi maktabda o‘qitilmasdi»…

* * *

Uning qo‘lidan ish kelmaydi, deb bo‘lmasdi. Aksincha uning yaxshigina hunari bor edi: ta’mirtalab hamma narsani tuzatar edi. Texnikadan tortib duradgorlik ishigacha, avtoulovdan tortib turli anjomlargacha ta’mirlay olardi. U hatto boshqalarning yaralangan qalbini ham tuzatardi. Uning qurbi shungacha etardi. Lekin «Allohning ishini tuzatish qo‘lidan kelmasdi». Bu ish hech kimning qo‘lidan kelmasligini ham bilardi…

* * *

U musulmon edi. Va eng katta «aybi» ham shu edi. U dastlab hind–musulmon deb atalmish azaliy mojaroga duch keladi. Lekin urush nima sababdan kelib chiqayotganini tushunmaydi. Keyin esa undan-da dahshatliroq mojaroga ro‘baro‘ keladi: Amerikadagi musulmonlarga qarshi urush… Biroq bu vaqtda u ancha narsani anglab etgan edi. Onasi bergan saboq esa bir umr yodidan chiqmasdi: «Dunyoda ikki xil odamlargina bor, xolos — yaxshi va yomon odamlar». Dinlararo mojarolar, millatlararo nizolar boshqa bir kuch tomonidan boshqarilishini esa u sal keyinroq, Amerikadagi masjidga borganda bilgan edi. «Bu shayton edi»…

* * *

Unda aspergen sindromi bor bo‘lishiga qaramay, juda aqlli va savodli edi. U o‘rganishdan qochmasdi va atrofidagilarni ham shunga boshlardi. U hatto qo‘l telefonidan foydalanmaslik uchun odamlarga uning zararini so‘zlashgacha-da borardi: «Qo‘l telefonidan taralayotgan to‘lqinlar asalarilarning umriga zomin bo‘ladi, bu esa dunyoda erkaklarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi». Mazkur haqiqatga bugungi kunda ishonish qiyin va hatto kulgili. Bunga ishonishni ham istamaydilar. Axir biz «axborot» asrida yashayapmiz-ku…

* * *

Uning bir kamchiligi bor edi. Hammada bu narsa ojizlik hisoblansa-da, uning ojizligi mana shu ojizlikning yo‘qligida edi. Ya’ni, bu — yig‘i. Har qanday inson borki, kuladi. Kulyaptimi, demak, yig‘laydi ham. Kulish qanchalik baxt bo‘lsa, yig‘lash ham shunchalik saodatdir. Lekin u na kulishni bilardi, na yig‘lashni. O‘zining ta’biri fikrimizni to‘la asoslaydi: «Zokirning (ukasi) omadi bor edi — u yig‘lay olardi»…

* * *

Shuningdek, u butunlay hissiz ham emasdi. Unda yurak bor edi. Bu yurak nafaqat jasorat uchun, balki muhabbat uchun ham xizmat qildi. Ya’ni o‘z vazifasini bajardi. Insonga yurak asosan shu ikki hissiyot uchun beriladi: muhabbat va jasorat. U bir ayolni sevib qoldi. Uning o‘g‘li bilan ham do‘stlashdi. Bir paytlar hind–musulmon mojarosidan qattiq mutaassir bo‘lgan bola bugun ulg‘ayib, hind–musulmon oilasiga asos solgan edi. Shundan so‘ng bir uyda ikki din vakili yashay boshladi: biri namoz o‘qirdi, ikkinchisi haykalga sig‘inardi. Agar bu baxtiyor kunlar uchun murg‘ak qalb egasi qurbonlik qilinishini bilganida uylanmagan bo‘larmidi…

* * *

U Amerikaga kelib, hind–musulmon mojarosidan ham dahshatliroq urushlar borligini bildi. Kimdir Iroqdagi urushda qurbon bo‘ldi, yana kimdir Afg‘onistonda… Eng achinarlisi, ulardan biri telejurnalist edi. Keyin esa Amerikada musulmonlarga qarshi urush ochildi. Besabab va bemavrid urush… Necha minglab oilalar ichida uning ham oilasini barbod qilgan urush… Axir kim ham musulmon bilan yashashni istardi shuncha gapdan so‘ng… Hammasiga bosh sabab esa 2001 yil 11 sentyabrda yuz bergan egizak minoralarning portlashi edi.

* * *

«Alloh taolo bir begunoh odamni o‘ldirish bani odamizotni o‘ldirish bilan barobardir, degan» (Qur’oni karim, 5-sura, 32-oyat).

«Parvardigor insonni rangiga emas, amaliga qarab baholaydi» (hadisi sharifdan).

Bu ikki hikmat nafaqat filmning mazmuni va g‘oyasini ifodalaydi, balki butun insoniyatga buyuk saboq vazifasini ham o‘taydi…

* * *

U o‘z oldiga maqsad qo‘ygan yo‘lovchi edi. Uning maqsadi — musulmon dunyosini bo‘htondan xalos etish edi. U Allohga suyangan hamda bu ishga bel bog‘lagan edi. Alloh esa o‘ziga chin dildan ishongan va oldiga Alloh yo‘lidagi ezgu maqsadni qo‘ygan har qanday insonni qo‘llaydi…

* * *

Ko‘pchilik hind kinolarini yoqtirmaydi. Yoqtirmasligiga etarlicha sabablar ham bor — aksar filmlari saviyasiz va bir xil uslubda. Lekin yoqtiradiganlari ham kam emas, hatto ko‘p…

Karan Joharning «Mening ismim Xon» filmi boshqa hind filmlaridan keskin farq qiladi. «Xarobadan chiqqan millioner» kartinasi ancha shov-shuv ko‘targandi. Oskar ham olgandi. Bollivuddan Oskar olgan film edi-da har holda, garchi Hollivud aralashgan bo‘lsa ham.

Lekin «Mening ismim Xon» filmi sof Bollivudniki. Ammo unga Oskar berishmaydi, berisholmaydi, garchi bunga da’vogarlik qilsa-da. Va berishmadi ham. Amerika hali bu darajada ahmoq emas…

Sizga ushbu film haqida ozroq bo‘lsa-da ma’lumot berish bilan birga, hayot haqiqatiga ham nazar soldik. To‘g‘ri, ancha siyqasi chiqqan gap, lekin dunyoni baribir muhabbat qutqaradi. Chunki bu eng ulug‘ tuyg‘udir va Buyuk Zotga tegishlidir. Dunyoni go‘zallik ham qutqaradi. Negaki, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni suyguvchidir…

SHARE