«TUNUKA LAYCHA» antikino mukofoti

Zahiriddin BOBUR
Dunyoda kino mukofotlari juda ko‘p. Deyarli har bir jonzot nomi bilan ataladigan mukofotlar yetarli. Aynan shu narsa kaminani o‘ylantirib qo‘ydi va shu ondayoq miyamga bir ajoyib fikr keldi.

Aniqrog‘i, shu payt ko‘chada yurgandim do‘stlarim bilan. Kinomukofotlar haqida gap chiqib ketdi. Ketimizdan akillagan kuchukni ko‘rib, bir sherigim: «Itlar nomi bilan boshlanadigan mukofot yo‘qmikan?», deb qoldi. Ana shu lahzada «laycha» so‘zi xayolimdan o‘tdi. Avvaliga «Tilla» laycha» deb nomladim. Keyin tilla aslida mukofot ekanini o‘ylab, garchi qo‘shtirnoq ichida bo‘lsa ham, bu nomni «Tunuka laycha» antikinomukofoti nomiga almashtirdim.

Ancha sharmandali chiqdi, to‘g‘rimi? Endi bu antimukofotning shartlari va maqsadlari bilan tanishtirsam. Bu antimukofot, asosan, milliy kinolarimiz orasidan «saralangan» filmlarimizga «nasib» qiladi (hozircha). Maqsad — o‘zbek kinosining saviyasini oshirish, saviyasiz filmlarning sonini keskin va sharmandalarcha kamaytirish, saviyasiz rejissyorlik, aktyorlik va ssenariylik ishlarini aniqlab, ularni ma’rifatga undash. Ana shundagina filmlarimiz saviyasi sezilarli darajada ko‘tarilishi mumkin.

Antimukofot «sovrindorlari» qanday aniqlanadi? Eng avval, so‘rovnoma o‘tkaziladi. Bu so‘rovnoma jurnalistlar va muxlislar ishtirokida tashkil etiladi. So‘rovnomada istalgan odam istalgan filmga «ovoz» berishi mumkin. Faqat xolisona bo‘lsa bas. Bu «mukofot» birinchi marta tashkil etilayotgani bois, bu yilgi so‘rovnomada shu kungacha ishlab chiqilgan eng saviyasiz deb hisoblangan o‘zbek filmlarini «saralashingiz» mumkin. Keyingi yillardan bir yillik kinolar aniqlanadi.

«Tunuka laycha» antikinomukofoti nominatsiyalari:

Bosh «mukofot» — eng saviyasiz film.

Eng saviyasiz rejissorlik ishi: 3ta o‘rin.

Eng saviyasiz ssenariy: 3ta o‘rin.

Eng saviyasiz rol ijrochisi (aktyor\aktrisa, qaysi filmdagi roli uchun): 3tadan o‘rin.

Qo‘shimcha nominatsiyalar:

Eng bachkana rejissyor: 3ta o‘rin.

Eng bachkana ssenariy: 3ta o‘rin.

Eng bachkana aktyor\aktrisa: 3ta o‘rin.

Ularga «mukofot» — shu nominatsiyalarni olib, sharmanda bo‘lganidir.

So‘rovnomada qatnashish uchun zahiriddin@list.ru elektron manziliga o‘z variantlaringizni jo‘nating. Sizning har bir ovozingiz biz uchun juda ham muhim va albatta, bee’tibor qolmaydi.

SHARE