Amerikalik o’zbek shoiri Ergash Shermat haqidagi xotiralar

 yoxud ellik yil yorini intizor kutgan o’zbek ayoli haqida

Mavlon SHUKURZODA

Avvalgi maqolalarimizdan birida asli kelib chiqishi andijonlik bo‘lgan, amerikalik o‘zbek vatandoshimiz shoir Ergash Shermatning (Buloqboshi) hayot va ijod yo‘li haqida ma’lumot bergan edik. Yaqinda Virjiniyada shoirning nevarasi Visola Shermatova bilan suhbatda bo’ldim. Visola Shermatova bobosi haqidagi xotiralarni so’zlab berdi. Shu suhbatni quyida e’tiboringizga havola qilaman.

Buyuk inson haqida mening ilk tasavvurlarim

Bolaligimda uyimizda buvam, Ergash Shermat haqida juda ham katta hurmat va ehtirom ila tilga olinardi. Ayniqsa, Aziza buvimlarning u kishiga bo‘lgan munosabati, vafosi, sevgisi va sog‘inchi biz uchun bir umr o‘rnak bo‘lib qoldi. Buvamlar urush jabhasiga ketganicha boshqa qaytmadilar… Buvimiz esa ikki farzandi bilan qolib 50 yilga yaqin eshikka qarab ularni kutdilar. Shu yillar orasida qancha qiyinchilikni boshlaridan o‘tkazmadilar…

Sovetlarning manqurt mafkurasi bizning oilani ham chetlab o‘tmadi. Bularni men sal keyinroq tushuna boshladim…  Oilamiz tarixi haqida katta kitob yozsa bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsin, Aziza buvimiz bu dunyoni vatanimizning mustaqilligiga atigi ikki yil qolganda tark etdilar.

Men buvamlarni birinchi marta 1992-yili o‘zimizning Toshkentdagi Shayx Shivli mahallasida joylashgan hovli uyimizda ko‘rishga muyassar bo‘lganman. Shunda Aziza buvimlarning katta yoshdagi qarindoshlarimizga aytgan bir gaplari esimga tushdi: “Meni aytdi dersizlar, mana ko‘rasizlar, bir kun vaqti kelib Ergash akamlar albatta eshigimizni taqillatib uyimizga kirib keladilar…”

Buvimlarning o‘shanda chin yurakdan aytgan gaplari roppa-rosa 50 yildan keyin ro‘yobga chiqqaniga ichimdan xursand bo‘lganman.  Men, buvam bilan aynan shu yili birinchi bor uchrashib tanishdim. O‘shanda men 16 bahorni ko‘rgan yosh qiz edim. To‘g‘risini aytsam, buvamlarni hatto xayolimga ham keltira olmasdim… Lekin juda ko‘rgim kelar edi. Chunki buvamlarning uyimizda bironta rasmlari qolmagan edi, sababi oilamiz ko‘p yillar KGB bosimi ostida edi…

Buvamlar haqida xayolan tasavvurim quyidagicha edi: 80 yoshdan oshgan kishi qanday bo‘lishi mumkin? Qarib qolgan, munkillab yuradigan, soqol qo‘ygan, bir oddiy chol kishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edi. Ammo, buvamlar eshikdan hovliga birinchi qadam qo‘yganlarida butun tasavvurlarim puchakka chiqdi. Ich-ichimdan, yuragimni bir narsa tirnab

ketganday bo‘lib, o‘zimdan-o‘zim qattiq uyalib ketdim. Chunki buvamlarga bir qarashda hech vaqt, hech qachon o‘z yoshlarini berish mumkin emas edi. Bukchayib yurish, yoki xatti-harakatlarida imillash u yoqda tursin, boshlaridagi sochlari mosh-guruch rangida bo‘lib qolishiga qaramay ko‘p saralangan yoki tepa joylarida yag‘riq degan narsani o‘zi yo‘q edi.

Ellik yillik ayriqildan so’ng Toshkentdagi uchrashuvlar

Ergash Buloqboshi 50 yillik ayriliqdan so’ng yanaVataniga qayti, 1992-yil.

Esimda bor, Ergash buvamning uyimizga birinchi bor tashrif buyurishidan oldin, o‘zbek xonadoni-hovli va uyni Ro‘za hayiti oldidan qanday yuvib-tarab, saranjom, sarishta qiladigan bo‘lsalar, xuddi shunday epaqaga keltirgan edik. Bizlar hovlimizdagi yo‘lakka oq payondoz to‘shab, sabrsizlik bilan Ergash buvamni kelishlarini kutib turganimzda, birdaniga ko‘chamizda yashovchi bir qo‘shnimizning eshigi yonidan karnay-surnay sadosi eshitildi. Eshikni ochib qarasak, uyimiz oldida qator yengil avtomashinalar karvoni paydo bo‘libdi… Birinchi mashinadan esa buvamlar va dadamlar chiqib bizning uyimiz tomon kelishyapti… Karnaychi va surnaychilar esa o‘z xizmatlarini davom ettirishib, Shayx Shivli mahallasidagi qo‘shnimizning xonadonida baxtli voqea sodir bo‘layotgani haqida hammaga darak tarqatib turishibdi. Buvamiz esa o‘sha xonadon yaqinida bir oz to‘xtab, diqqat bilan, ko‘zlari namlangan holda ularni bir narsalarni xayol qilib tinglar edi… O‘shanda buvamizning xayolidan nimalar kechgan ekan… balki beg‘ubor bolaligini eslagandirlar, yoki tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i eslariga tushgandir… balkim, yoshligi, Aziza buvimlarga uylangan daqiqalar eslariga tushgandir…  Buvamning bu holatini anglagan cholg‘uvchilar ilhomlanib chalishni uzoq vaqt davom ettirganliklari ajab emas. Buvamning ko‘rinishlari ancha yosh, tetik harakatlari ancha yengil edi. 80 yoshdan oshgan buvamda keksalik, qariyalarga xos hassa tayanib bukchayib yurishlik alomatlari yo‘q edi. O‘shanda buvam boshqa qariyalardan ajralgan holda, ajnabiy davlatdan kelganliklari bilinib turar edi.

Buvamlar ostonani hatlab hovliga nazar tashlab: ”Butun hovli uzum-ishkom bilan to‘la edi-ku?” deb ham savol, ham achinganday so‘radilar. Dadam aytdilarki, uzumlarni parvarish qiladigan odam bo‘lmadi, bizlar ancha yosh edik, onamiz tirikchilik qilaman deb, bizlarga qarash bilan ovora bo‘lgan edilar… Lekin, ularning o‘rniga keyinchalik mevali daraxtlar ekilib hovlimiz bog‘ga aylantirildi, deb buvamlarga tushuntirishga harakat qildilar. O‘sha kuni buvamlarni ko‘rish uchun hamma qarindoshlarimiz biznikiga yig‘ilishdi, hovlimizga odam sig‘mas edi… Avvaliga buvamlar qariyalar bilan yig‘lashib ko‘rishdilar, undan keyin yoshlar bilan ko‘rishib tanishdilar. Navbat men bilan singlim Ozodaga yetgach, buvamlar singlim Ozodaga qarab: “Bu qizni men Amerikaga olib ketib, o‘sha yerda o‘qitaman”, -deb umid bog‘ladilar. O‘shanda singlim 7 yoshda edi. Qismatni qarangki, Amerikaga kelib o‘qish va muqim bo‘lib yashashlik menga nasib qilgan ekan.

Albatta, birinchi uchrashuv behisob quvonch, xursandchilik, his-tuyg‘ularga to‘la edi. Uni bir og‘iz so‘z bilan ifodalash juda ham qiyin. Shaxsan men uchun buvamlarning tashrifi yer kurrasining bir burchagidan emas,xuddi koinotdan tushganday tuyulardi. Buvamning bizlarga qarata aytgan birinchi gaplari: “Bizning diydor ko‘rishishimiz, bu katta baxt, bu katta omad!”. Hovlida davra tuzilib, fotiha tortilgach, buvamlar boshlaridan o‘tgan hayotlari haqida gapirdilar. Keyinchalik esa chet eldagi vatandoshlarimiz, “Turkiston-Amerika” jamiyati haqida, Amerikada turkiy xalqlarning birligi va do‘stligi haqida, Amerikadagi oddiy xalqning hayotidan gapirib berdilar. Buvamlar har so‘zlarini shoshilmay, lo‘nda, tushunarli, bir me’yorda ajnabiy so‘zlarni qo‘shmasdan sof farg‘ona dialektida gapirar edi. Ovozlari nihoyatda shirali bo‘lgani uchun hammani o‘ziga rom qilib qo‘ydilar.

Ergash Shermatning insoniy xislatlari

Ergash Shermatning yoshligi

Buvamlarning, ayniqsa, bitta xislatlari menga juda ham ma’qul tushgan edi. U ham bo‘lsa, qaysi mavzuda so‘z ketmasin, gaplari asosli, mulohazali, kuchli mantiqqa ega edi. O‘z fikrlarini shoshilmasdan bosiqlik bilan boshqalarning fikrlarini kamsitmagan holda bayon qilishga erishardilar. Buvamiz har yili Vatanga kelib ketar edilar, har kelganlarida uyimiz mehmonlarga liq to‘lar edi. Buvam, ayniqsa yozuvchi va shoir do‘stlari Ozod Sharafutdinov, Izzat Sulton, Ibrohim G‘afurov, Naim Karimov va boshqalar bilan doimo hamsuhbat bo‘lar edilar. Buvam ularning gaplarini bo‘lmasdan obdon eshitib, keyin kamtarlik bilan o‘zlari gap boshlar edilar. O‘zlari kam gapirib samimiyat bilan ko‘proq ularni eshitishga harakat qilar edilar. Mana shu odatlari menga juda ham ma’qul tushgan edi.

 Bizning birinchi uchrashuvimiz

 Ergash buvamlarning vatanga qaytishi haqidagi xabar butun O‘zbekiston bo‘yicha tez yoyilib ketdi. Hammaning e’tibori faqat u kishining uyga kirib kelishiga qaratilgan edi. Hammaning ko‘zida quvonch yoshlari, Alfred otam va Dilbar ammamlar juda ham katta hayajon bilan ularning kelishini poylashar edilar. Shu kunlardagi uyimizdagi umumiy muhitni bir-ikki so‘z bilan ifodalash juda ham qiyin… Men ham kichkina qiz bo‘lishimga qaramay buvamlarning kelishini entikib kutar edim, maktabdoshlarim esa har kuni mendan buvamlar haqida so‘rayverishardi. Men esa erinmay, xuddi kattalarga o‘xshab ularga bilganlarimni gapirib berardim. Ilk bor uchrashuvimiz va tanishishimiz hali-hali esimda. Meni Ergash buvamlar bilan dadamlar tanishtirgan edilar: “Bu mening katta qizim Visolaxon bo‘ladi”, deganlarida, buvamlar meni peshonamdan o‘pib quchoqlab sekingina, titroq va hayajonli ovoz bilan: “Sen bilan diydor ko‘rishib tanishganimdan juda ham xursandman, bu kunni umirbod eslab o‘taman, sen juda ham go‘zalsan” degan edilar… O‘shanda nimagadir qattiq hayajonlanganimdanmi, mening ham ko‘zlarimdan yoshlarim durday sochildi… Men bolaligimdagi bu ilk tarixiy va quvonchli uchrashuvni umrbod eslab yursam kerak…

Ergash buvamlar sal vaqtlari bo‘ldi deguncha, farzandlari va ayniqsa nabiralari tomon talpinardi. Hammamizning gaplarimizni maroq bilan tinglar edilar. Buvamlar biz bilan xuddi tengqurlari kabi jiddiy gaplashar edilar. Ularning hamma gaplari ma’noli edi. Yoshim ulg‘ayib borgan sari men u insonning qanday zabardast, o‘qimishli, barkamol, ko‘p narsani biladigan ziyoli inson ekanligiga amin bo‘la boshladim. Ular bilan qaysi mavzuda gaplashmang, hammasidan boxabar ekanligiga amin bo‘lasiz. Ergash buvamlar juda ham katta ensiklopedik bilimga ega ekanligi bir-ikki og‘iz gaplaridan keyin ma’lum bo‘lib qolardi. Biz ham ularning hamma gaplarini maroq bilan tinglar edik, lekin hech ham gaplariga to‘ymasdik… Menga, ayniqsa, buvamlarni o‘zbeklarning o‘tmish tarixi, o‘zlari shohid bo‘lgan qatag‘on va repressiya davri, ikkinchi jahon urushi davrida turkistonliklarning og‘ir qismati, va ayniqsa xorijdagi vatandoshlarimizning hayoti haqidagi suhbatlari yoqar edi. O‘shanda men o‘zim uchun juda ham ko‘p yangiliklarni kashf etdim. Dugonalarim va maktabdosh do‘stlarim mening quvonchimga sherik bo‘lishardi. Ertalab maktabga borganimda esa, ular meni intizorlik bilan kutishib, yangiliklardan gapirib berishimni so‘rashardi.

Ergash Shermatning rafiqasi haqida.

Aziza buvim hayotligida Ergash buvamiz haqida kam gapirar edilar, bunga asosli sabablar bor edi… Ular qisqa bo‘lsada, ammo bir asrga tatigulik baxtli damlarni birga o‘tkazishgan. Buvam 1940-yili Armiya ta’tiliga kelib ketganlarida dadam 4 yoshda va ammam esa endigina 2 yoshga to‘lgan ekanlar. Buvim o‘shanda o‘z sevgan yorini oxirgi marta ko‘rib turganliklarini va butun umr beva ayol bo‘lib o‘tishlarini xayoliga ham keltirmagan ekanlar… Ikkinchi jahon urushi boshlanganida hayot juda ham og‘irlashadi, shunda buvimlar oddiy bir shifoxonaga farrosh-sanitarka bo‘lib ishga joylashadi. Buvimiz o‘shanda bir marta ishga kirish uchun ariza yozgan ekanlar, shu-shu 46 yil bir joyda muqim bo‘lib ishladilar va u yerdan nafaqaga chiqdilar. Bu zamonamizda kamdan-kam uchraydigan hol. O‘sha yerda ishlab hamshiralar tayyorlash bilim yurtini ham bitirib shifokor yordamchisi vazifasida faoliyat yurgizadilar. Ishlariga sidqidildan berilib ishlagani va fidokorligi uchun buvimiz mamlakatning o‘sha davrdagi yuqori toifali ordenlari sanalmish “Mehnat Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlanadilar. Buvimlar metin irodali inson bo‘lganligi sababli mahalla va ishxonalarida ko‘pchilikning hurmatlariga sazovor bo‘lganlar.

Aziza buvimiz xarakteri bo‘yicha juda ham tartibli, intizomli, yaxshi muomala qiladigan ochiq chehrali inson bo‘lganlar. Og‘ir hayotga chidamli va matonatli inson bo‘lganlar. O‘zi bo‘ladimi, urush  va undan keyingi davrda  har kuni 12-14 soatlab ishlashning… Ko‘pchilik doktorlar frontga jalb qilinishi sababli doktorlar yetishmasdi, shunda Aziza buvimlar doktorlar qiladigan ishlarni ham qilib ketarkanlar, chunki doktorning yordamchisi bo‘lib ko‘p yillar ishlaganlaridan keyin o‘zlar ham doktordan qolishmaydigan bo‘lib qolgan ekanlar.

Aziza buvimlar bu dunyoni 1989-yilning 29-aprelida tark etdilar… Men shunda endigina 13 yoshga to‘lgan edim. Janoza va so‘ngi yo‘lga kuzatish marosimiga juda ham ko‘p odam keldi. Shuncha odam kelishi hech kimning xayoliga kelmagan edi. Mahalla ahli buvimlarni tabarruk ona, deya ardoqlashib hurmat qilishardi. Buvimlar bizga bir nasihatlari bor edi, ular shunday degan edilar:”Agar dushmaning bo‘lsa ham, senga biror iltimosi bilan kelsa, xizmatingni ayamagin”, -deb aytardilar. O‘ylashimcha, buvimlar bu murrakab, og‘ir hayotning shunday qoidasiga doimo amal qilganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, el oldida ularning hurmatlari baland bo‘lgan. Men ham buvimlarni naishatlariga amal qilib kam bo‘lmayotganligimni sezib turaman.

Aziza buvimlarning xotiralaridan ma’lumki, Ergash buvamiz 30-yillarning o‘rtalarida O‘zbekistonda katta lavozimlarda faoliyat yurgizgan ekanlar. Ular chirib borayotgan sovetlar tuzumining qulashiga sal fursat qolganiga qattiq ishonardi. Bu haqdu ular buvimlarga bir necha marta gapirgan ekanlar. Tuzumning chirib borayotganini o‘sha paytda yosh huquqshunos olim tezda anglagan ekan. Buvam juda ham shirinso‘z, mehmondo‘st va qo‘li ochiq inson bo‘lgani uchun uylari doimo gavjum bo‘lgan. Chunki, buvamning juda ham ko‘p qadrdon do‘stlari bo‘lgan ekan. Buvimlarning gaplariga qaraganda, Ergash Shermat juda ham aqlli, rostgo‘y, o‘qimishli va juda ham pokiza inson bo‘lgan ekanlar. Yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik yoshi ulug‘ qarindoshlar, mahalladoshlar va do‘stlari turli mavzularda u kishiga murojaat qilishar ekan. Buvamiz hammaga o‘z yordamini berishdan charchamagan ekanlar.

Ergash Shermat oilasiga juda katta hurmat va e’tibor bilan qarardi. Buvimlarga o‘z e’tiborini kamaytirmagan holda farzandlari bilan shug‘ullanishga vaqt topar edi. Bir narsani sezganday, buvimlarga bolalarni o‘qishiga katta e’tibor qaratishni, ularni kelajakda jamiyatga foydasi tegadigan yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishini xohlagan ekanlar. Ularning oilasiga ko‘pchilkning havasi kelar edi, ularning sevgisini esa “ikki dil dostoni” deb gapirib yurishar ekan. Urushga sal vaqt qolganda, Ergash Shermat yuqori  davlat amallarida ishlamasligini e’lon qilib armiya safida xizmat qilish uchun jo‘nab ketadi. Bu uning o‘sha tizimga bo‘lgan protesti edi.  Buvimlar Ergash Shermatni bundan keyin hech qachon ko‘rmadilar, oxirgi kelgan xatlarini bir umr ko‘z qorachig‘iday avaylab saqlab yurdilar. Sal kam 50 yil buvimlar Ergash Shermatni intizorlik bilan kutib o‘tdilar…

Urushdan kelgan hamma xatlarni buvimlar avaylab saqlab keldilar. Hozir shu xatlar bizning uyimizda oilamizning eng qadrli xotira yodgorligi sifatida saqlanadi. U xatlarni o‘qiganimda meni har doim qandaydir his-hayajon bosadi… ko‘zimga yosh qalqiydi… Xayolim o‘sha uzoq yillardagi voqealarga ketib qoladi… 1941-yil urush boshlanishi arafasida yozgan xatlarida mana bunday misralarga ko‘zingiz tushadi: “Bolalar qanday? O‘zingchi? Bolajonlarimga yaxshi tarbiya bergin, yaxshi qaragin… Men sizlarni juda  sog‘indim va juda ham sevaman. Har kuni rasmlarga qarab yotaman. Yurgan yo‘limda Allohdan sen va bolalarim bilan diydor ko‘rishlikni o‘tinib so‘rab duo qilaman”,- deb yozganlar.

Buvimlar ayrim paytlarda buvamlarning xatlarini ochib yana bir bor o‘qib xo‘rsinib qo‘yardilar… Bundan tashqari, buvamning saqlab qo‘yilgan kiyimlariga qarab ko‘zlariga yosh olib eslab kutib o‘tirar edilar… Buvimlar Ergash Shermatning har bir kiyimlarini saqlab qo‘ygan edilar. Buvamlarning ko‘ylak shimlari dazmollanib kraxmallangan holda buvimlarning shkaflarida osilib turar edi, o‘zlarini kiyimlari bilan. Buni men hech qachon unutmayman. Mening beg‘ubor bolalik tasavvurimda bunchalik sevgi hech kimda bo‘lmagan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim…

Ergash Shermat  armiya safiga ketganlarida buvimlar 19-20 yashar juvon edilar, vaqt o‘tib  urushga ketganlar birin ketin qaytib kelishdi… ammo buvamizdan hech qanday darak bo‘lmadi… 10-25 yillar o‘tganda ham yaqin qarindoshlarimiz ularga yangi turmush qurish kerakligini ayta boshlashadi. Juda ko‘p joydan sovchilar kela boshlaydi… Buvimiz esa,  “men yashasam Ergashjon bilan yashayman…, yoki umrbod yolg‘iz o‘taman”,- degan ekanlar. Buvimlar Ergash Shermatga bo‘lgan vafosini umrbod, hayotlarining oxirgi soniyalarigacha saqlab o‘tdilar… Jon berishlaridan oldin ham bir necha marta “Ergashjon, Ergashjon, mendan rozi bo‘ling…”, degan ekanlar. Ularni buvamlarga bo‘lgan muhabbati va mehrlari juda ham chuqur bo‘lgan. Shaxsan men, Buvimlarning duolarini juda ko‘p eshitganman: “Ergashjon, qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, sog‘ va omon bo‘lsa bo‘ldi, xursandchilik bilan hayot kechirayotgan bo‘lsalar bo‘ldi”, -deb duo qilar edilar. Chunki buvim Ergash Shermatning tirik ekanligiga juda ishonar edi, vaqti kelib uyimizga kirib kelishlarini intizorlik bilan poylab o‘tdilar.

Ergash Shermatning o’g’li Alfred (Alijon Ergash) haqida

1995-yil, O’sh shahri. Ergash Shermat singlisi bilan.

Aziza buvimlarning gaplariga qaraganda dadam tug‘ilganlarida buvamiz juda ham xursand bo‘lgan ekanlar. Buvamiz o‘shanda kuch-quvvatga to‘lgan, intellektual salohiyati juda baland inson bo‘lgan ekanlar. O‘shanda kelajakda o‘g‘lim jahonga mashhur Alfred Nobelga o‘xshagan bilimli inson bo‘lsin deb yaxshi niyat qilib ismlarini Alfred deb qo‘yibdilar. Lekin ko‘pchilik vatandoshlarimiz dadamni Alijon deb chaqirishadi. Otamni maktabda o‘qib yurgan kezlari oilamizni yomonotliqqa chiqarishib, “senlar sotqinni bolalarisizlar”, deb maktabdagi rahbarlar ularni mazax qilisharkan. Dadam va ammam maktabda juda tirishqoq edilar, hattoki dadam 10-sinfni oltin medalga bitirishga birinchi nomzod edilar. Shunda maktab rahbariyati ochiqdan-ochiq sotqinning o‘g‘liga “oltin medal” berilmaydi, deb ularni imtiyozli shahodatnomadan mahrum qilganlar. Institutda ham ular katta bosim ostida edilar, har doim ular haqida qandaydir shubhali odamlar qiziqishib kelishgan. Dadamlarning ilmiy ishlari nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ham juda ko‘p sarson qilindi, vaholanki Ergash Shermatning ikkala farzandi ham begunoh bo‘lgan edilar. Keyin qayerda ishlashmasin, hamma yerda ularga nisbatan yomon qarashlar kamaymagan. Bunday bosim salkam 50 yil davomida davom etgan ekan.

Dadam katta ilmiy ish ustida izlanishlar olib bordilar, lekin, sovet mafkurasi hamda KGB xodimlari hamma ishlariga to‘g‘anoq bo‘lib, doimo tinchligini buzib turishardi… Dadam katta nazorat ostida juda og‘ir hayot kechirdilar. Lekindadam ularning bironta gaplariga ishonmas edilar, chunki katta buvimlar Ergash Shermat haqida farzandlariga ochiq haqiqatni aytib ulgurgan edilar. Dadalaring yomon odam bo‘lmagan, u inson bilan faxrlansalaring arziydi, deb rahmatlik buvimlar doimo yaxshi xislatlarini Dilbar ammam va dadamga gapirib kelardilar. Dadam, hech qachon qiyinchiliklarga egilmay, boshlarini tik ko‘tarib o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarib yurdilar. Dadam o‘zlarini juda ham baxtli inson deb biladilar, Alloh u kishiga to‘rt farzand ato qilgan. Katta akam Shuhrat BMTda diplomat lavozimida ishlab keladi, hozirgi paytda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida xizmatini o‘tayapti.  Keyingi Abdulkabir akamlar tadbirkorlik sohasida faoliyat yurgizmoqda. Singlim Ozoda hamshira, yaqinda Borovskiy tibbiyot bilim yurtini a’lo baholar bilan bitirib Reproduktiv markaziga ishga kirdi.

Dadam va ammamning hayoti qanchalik og‘ir kechganini eshitgan Ergash buvamlar o‘zlarini juda yomon his qildilar. Ezilib yig‘lardilar… keyin bir haftalarcha kasal ham bo‘lib qoldilar… Undan keyin dadam va ammam bu haqida gapirishmaslikka harakat qilishgan. Ko‘p yillik muhojirotdagi hayotlaridan so‘ng buvamiz ona vatanga qaytib kelganliklari bizning oila uchun juda ham xursandchilikka aylanib ketganligi bois keyinchalik o‘tgan qiyinchiliklar xususida bizlar sal kamroq gapiradigan bo‘ldik, shundoq bo‘lsa ham buvamlar hamma gaplardan xabarlari bor ekan… Shuning uchun ham, Ergash Shermat hayotini Turkiston milliy ozodligi, oilasi va yoru-birodarlarini bolshevizmdan ozod etish uchun kurashga bag‘ishlaganini har doim gapirib kelardilar.

Ergash Shermatning o’gitlari

Ergash buvamiz bilan har qanday uchrashuvlar va oddiygina suhbatlar bizlarga huzur bag‘ishlar edi, ularning gaplariga hech ham to‘ymasdik. Ovozlari shirali, gaplari ma’noli va o‘ta mazmunli, shu bilan birga ibratli edi. Bizlarnikiga kelganlarida doimo ibratli hikoyalaridan gapirib berardilar. Buvamiz bizlarni har doim rostgo‘y bo‘lishimiz kerakligini uqtirardilar. Bu hayotimizning mazmuni bo‘lish kerakligini, faqat rostgo‘ylik orqasidan kelajakda katta muvaffaqiyatlarga erishishimizni qayta-qayta gapirar edilar.

U kishi bizlarni tinglash, to‘g‘ri suhbat va nutq qurish va o‘zini tuta bilishlik kabi nozik masalalarga e’tiborimizni qaratgan edilar. Bundan tashqari, hammamizning bilimga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirib, albatta, oliy o‘quv yurtlarida o‘zimizga yoqqan kasbni tanlashga va undan keyin ham o‘z ustimizda doimiy ravishda ishlashga da’vat etganlar. Biz, u kishining barcha nevaralari bu ibratli maslahatlariga doimo amal qilishga harakat qilyapmiz, u kishining ta’biri bilan aytganda, boshqalardan kam bo‘lmaslikka harakat qilyapmiz. Shu nasihatlarni men o‘z farzandlarimga ham o‘rgatib kelmoqdaman.

Buvam vaqtlarini behuda o‘tkazishni o‘zlariga dushman deb bilardilar. Bu haqda Aziza buvimlarning ham shunday xislatlari bor edi. Bu xislatlar bir-birlariga juda ham o‘xshash edi. Ular kim bilan suhbatlashmasin, faqat o‘rinli, ahamiyatli, kelajakda ijobiy natijalar keltiradigan masalalarga bag‘ishlardilar. Bo‘sh vaqtlarida bizning qaysi kasb egasi bo‘lishimizga katta qiziqish bildirardilar. Inson o‘z qobiliyati, xohishi, va qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb tanlashi kerakligini uqtirardilar. Vatanda ko‘pgina aks hollari yuz bergan ota-onaning xohishi bo‘yicha, ularni mablag‘i, imkoniyati, sandig‘idagi asrab qo‘ygan pul mablag‘lari hisobiga institutlarga kiritib qo‘yish hollari va natijada u yoshlarning bu oliygohlarga ko‘ngli bo‘lmasligidan o‘qishni tashlab ketish hollarini eshitganida hayron qolgan ekanlar… Umuman, buvamiz oramizdagi biror kamchilik va xatolarimizni ko‘rsalar, tanbeh berish, yuzga solish, chuqur e’tibor berish hollari bo‘lmagan. Aksincha, bir qancha vaqt o‘tganidan keyin shu illat yoki kamchilikdan xolis bo‘lish yo‘llarini ohista, bosiqlik va odob bilan og‘ir botmasdan ishontirib gapirar edilar, yoki Amerikaga qaytganlaridan so‘ng yotig‘i bilan o‘z maktublarida qayd etib, bunga e’tiborimizni qaratar edilar.

Ergash Shermatning tirikligi haqida olingan ilk xabar

O‘tgan asrning 60-yillari boshlarida buvimlar Ergash Shermatning tirikligi haqida quvonchli xabarni eshitib qoladilar… Hozir esimda yo‘q, lekin aniq bilaman buvamning eski qadrdonlaridan biri biznikiga kelib, xorijda chop etiladigan bir gazetada Ergash Shermatning “Turkistonga ozodlik!” degan maqolasini berib ketadi. U kishi bu juda ham nozik masala bo‘lgani bois hech kimga gapirmaslikni tayinlab ketadilar. Bu maqola haqida buvimlar hattoki farzandlariga ham aytmaydilar. Gazetada buvamlarning ismi va familiyalari ko‘rsatilgan edi. Bundan so‘ng buvimlarda Ergash Shermatning tirik ekanligiga shubha qolmadi.

Buvamiz tirikligi haqida ikkinchi xabarni bizlarga 1990-yili  Toshkentda o‘tgan AQSh ko‘rgazmasida ishtirok etgan bir amerikalik o‘zbek pinhona xabar qiladi. Ergash buvamning haqiqatdan ham hayotligi haqidagi oshkora xabarni bizlarga birinchi bo‘lib O‘zbekistonlik katta olim, ilgari juda katta davlat lavozimlarida faoliyat yurgizgan Baxtiyor Nazarov ismli bir hurmatli zot yetkazganlar. Bizga shunday xushxabarni yetkazganlari uchun bizning oilamiz u kishidan hamisha minnattdor. Baxtiyor aka Nazarov ish yuzasidan Amerikaga tashrif buyurganlarida u yerda amerikalik o‘zbeklar bilan uchrashadilar. Bir suhbat orasida buvamlar iltimos tariqasida: “Men g‘azovotdan oldin Sovet armiyasidan ta’tilga kelib ketganimda ikki farzandim: o‘g‘lim, qizim va rafiqam qolgan edi. Shu bo‘yicha aloqa uzilgan…”, – deya murojaat etgan ekanlar. O‘z navbatida, Baxtiyor aka Toshkentga qaytganlaridan so‘ng, albatta, ularni topib buvamning maktubini yetkazishga va’da qiladilar. Baxtiyor aka haqiqatan ham o‘z va’dalari ustidan chiqa

dilar va bu quvonchli xabarni bizlarga yetkazadilar. Aynan mana shu xabardan so‘ng oilamiz hayotida keskin ijobiy burilish boshlandi… Ming afsus, u payt Aziza buvimlar Ergash buvamlarni kuta-kuta bu hayotdan ko‘z yumgan edilar…  Dadam bilan ammam tezda Amerika bilan bog‘lanishib otalarining ovozlarini eshitishga oshiqadilar… O‘sha telefondagi suhbat ham ko‘z yoshsiz o‘tmagan edi… Men o‘sha paytlar 14-15 yashar qiz edim, hammasi esimda qoldi… Uyimiz bir zumda mehmonlarga to‘lib ketdi, hamma xursand, hamma bizlarni tabriklashardi…U paytlar oshkoralik, demokratiya keng quloch yozayotgan vaqt bo‘lgani uchun biz xatni hammaga ko‘rsatdik, eng asosiysi, dadam va ammamlar qadlarini ko‘tarib yuradigan zamon yaqinlashganidan boshlari osmonga etgan edi.

Ergash Shermat hayotining so’nggi kunlari

Visola Shermatova bobolarining qabri tepasida.

Buvamlar har yili tashriflari chog‘ida biznikida turar edilar. Faqat zarurat tufayligini buvamlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston respublikalariga tashrif buyurib, u yerdagi o‘zbek jamiyatlari a’zolari va eski qadrdonlari bilan uchrashib qaytar edilar. Buvamlar har kelganlarida Buloqboshiga borib ota-buvalari yashab o‘tgan joylarini ziyorat qilib kelardilar… Keyin esa butun vaqtlarini bizlarga bag‘ishlardilar. Biz hech qachon buvamlar bilan zerikib qolmasdik. Har doim bizlarga ibratli voqealar va buyuk insonlarning hayotlaridan gapirib berardilar. Lekin, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Buvamlar kasal bo‘lgunga qadar, har yili Vatanga kelib kamida 6-7 oy shu zaminda qolib biz bilan bo‘lishni rejalashtirgan edilar… Ammo, oldingi hayotning og‘ir qismati buvamning sog‘ligiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazib bo‘lgan ekan. Yoshlari 80dan oshgan buvamlarning sog‘ligi kun sayin yomonlasha boshladi, kasal holiga qaramay 1992-1995 yillar orasida ular vatanga uch marta kelib ketdilar, oxirgi kelishlarida hamma qarindoshlarimizni bir-bir ko‘rib hammalaridan rozilik so‘raganday, sovetlar tuzumi davrida ular deb oilasi azob chekkanidan yana bir afsuslanib ham

madan kechirim so‘rab xayrlashdilar… Kechqurun esa dadamni va meni oldilariga chaqirtirib ular bilan birga Amerikaga ketishlarini juda iltimos qildilar…

Shunday qilib, 1994-yili dadamlar bilan Amerikaga ko‘chib keldik.  Biz Ergash buvamlarning uyida yashadik. Kichik buvimiz ham (Hadicha buvi) bizni ko‘rib juda ham xursand bo‘ldilar va mehribonlik bilan bizlarni qabul etdilar. Bizning Amerikaga kelishimiz  buvamlar uchun juda ham quvonchli voqea bo‘ldi. Ular va kichik buvimiz bizlarga juda mehribonlik qilishdi, bo‘sh paytlarimizni Amerikaning ko‘pgina muzeylarida, ko‘rgazmalarida, shaharning boshqa joylarida o‘tkazgan edik. Biz o‘z uyimizdagiday yashadik. Kechqurunlari Ergash Shermat buvamiz o‘z xotiralaridan gapirib berar edilar, biz esa maroq bilan tinglardik. Yana o‘zlarini she’rlaridan ham o‘qib berardilar. Bu inson bilan bir marta gaplashsangiz, u kishi tomon yana talpinasiz, haqiqatdan buvamiz juda ham bilimdon inson edilar. Vaqti-vaqti bilan nasihatlar ham qilib turar edilar. Buvamiz bilan bir uyda yashagan damlarimni men tez-tez eslab sog‘inaman… Shunda farzandlarimni olib kichik buvimizni ko‘rib ulardan xabar olib kelaman. Kichik buvimiz ham og‘ir kunlarda Ergash Shermatga sherik bo‘lib u kishining g‘amini ham xursandchiligini ham birga baham qilganliklari uchun biz ularni juda ham hurmat qilamiz.

Buvamlarning sog‘ligini yomonlashishi bizlarni juda xavotirga solib qo‘ygan edi. Aynan shu damlarda, men buvamlarning yonlarida edim, ba’zan u kishi men bilan hasratlashardilar… Men u kishining ichki dunyoqarashini yaqindan kuzatib uning nechog‘liq vatanni sevishi, xalq dardini o‘ziga yaqin tutishini ko‘rib o‘zim uchun ham ko‘p narsalarni o‘rgandim. Hayotining oxirlashib kelayotganini bila turib menga bir narsani vasiyat qildilar: “ Visola qizim ilmga ega bo‘l, sevgan sohangda ishlagin. Mendan rozi bo‘lgin, men har doim sizlarni duo qilib faqat baxtli bo‘lishlaringni xohlaganman va xohlayman”, -degan edilar. Shunday ekan, 35 yoshga kirgan bo‘lsamda ilm maskaniga o‘qishga kirib o‘z bilimlarimni oshiryapman, nasib qilsa bundan keyin ham bu ibratli ishimni davom ettiraman…

1995-yilning 13-mayida buvam Ergash Shermat davom etgan og‘ir xastalikdan so‘ng bu dunyoni tark etdilar… Buvamlar hayotining so‘nggi daqiqalarida dadam yonlarida bo‘lishlarini juda ham istagan edilar, Allohga shukrlar bo‘lsin, dadam o‘sha payt Amerikaga vaqtida yetib keldilar…

Mening Amerikadagi hayotim

Visola Shermatova farzandlari bilan.

Amerikada biz birinchi bo‘lib Kichik buvimiz bilan yaqindan tanishdik, keyin ularning hamma farzandlari bilan opa-singil va aka-singilday tutashib ketdik. Men ulardan bir umr minnatdorchiligimni alohida ta’kidlamoqchiman. Ular bilan ingliz tili, amerika hayoti va boshqa men hali bilmagan narsalarni o‘rgandim. Men ayniqsa yoshimiz bir-birimizga yaqin Dilbar opamlar bilan juda ham yaqin bo‘lib qoldim. Amerika sehrli diyor deb bekor aytishmaydi, bu yerda hamma narsaga erishsa bo‘lar ekan, faqat hamma narsa o‘zingizga bog‘liq ekan. Bu yerda qonun hamma uchun bab-barobar. Yana bir jihati bor, yoshingizga hech kim ahamiyat bermas ekan, imtihon-testlardan yaxshi o‘tsangiz xohlagan kollej yoki universitetda ta’lim olishga haqqingiz bor. Mana, men ham uchta bolali bo‘la turib  kollejda (Northern Virginia community college) ta’lim olmoqdaman. Bundan tashqari, bu yerda juda ham ko‘p dugona va do‘stlar orttirdim. Eng asosiysi, o‘z sevgimni ham aynan mana shu diyor, ya’ni Amerikada uchratdim. 2004-yili men turmushga chiqdim. Oilamiz juda ahil, Ibrohim akamlar ota tomondan arab, ona tomondan turk millatiga mansub. Men hayotimni o‘z oilamsiz tasavvur ham qila olmayman. Farzandlarimiz bir-biridan shirin, kichkina qizimni hamma buvam Ergash Shermatga o‘xshatishadi, men esa uni har doim buvasiga o‘xshagan aqllli inson bo‘lib katta bo‘lishini Allohdan so‘rayman.  Farzandlarim: Asal qizim Dana olti yarim yoshida, sho‘xgina o‘g‘ilginam Rayan to’rt yarim yoshida va kichkintoy  mehribon erka qizimiz Aya 3 yoshda. Bolalarim bilan men o‘zbek tilida gaplashishga harakat qilaman va rafiqim arab tilida gaplashadilar. Ingliz tilini Amerika muhitida o‘zlari o‘rganib olishadi. Ularga rus va turk tillarini ham o‘rgatish niyatim bor. Albatta, ular bizning hayotimiz. Amerikada bitta narsaning farqiga juda e’tibor berdim, amerikaliklar ayniqsa oila qadrini juda hurmat qilishadi.  Menda ham bu xislatlar juda kuchli.

Vatanda Ergash Shermatga bo’lgan munosabat

Esimda bor, buvamlar Amerikadan endigina yetib kelgan edilar, hali uyda birpas o‘tirib ulgurmasdanoq, hammamiz O‘zbekiston yozuvchilarining katta yig‘ilishiga ketdik. Men uchun bu hayotimda eng katta nufuzli va tarixiy tadbirlardan biri bo‘lib xotiramda umrbod saqlanib qoladi… Mazkur tadbir, Toshkentda, “Bilim” jamiyatining katta zalida o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tas

hkil qilinib, unga bir qator o‘zbek yozuvchilari, ziyolilar, tarixchilari va jurnalistlar tashrif buyurishdi. Zal liq to‘la. Buvamlar zalga kirib kelganlarida hamma u kishini olqishlab katta hurmat va ehtirom ila kutib olishdi. Men o‘shanda zaldagi muhitni ko‘rib, buvamlarning nechog‘lik yirik adib, yozuvchi, shoir va siyosatchi ekanligini angladim va juda ham g‘ururlandim. O‘shanda men tanigan mashhur yozuvchi va shoirlardan Ozod Sharafutdinov, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Naim Karimov kabi hurmatli zotlar buvamiz haqida juda ham chiroyli chiqishlar qilishdi, bizlar esa ularni maroq bilan tingladik. Men shu kuni buvamlarni o‘zim uchun qaytadan kashf qildim… Chunki buvamlar Turkiston milliy ozodligi uchun kurashgan faol insonlardan biri bo‘lgan ekanlar. Buvamlar xorijda juda ham ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan bardoshli inson bo‘lgan ekanlar. Ayniqsa, fashistlar konslagerida o‘tgan kunlarini eslaganlarida zaldagilarning ko‘pchiligini ko‘zlari yoshga to‘ldi… O‘sha kuni Ergash buvamlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi etib saylandi. Bu buvam uchun hayotlaridagi eng oliy mukofot edi.

Ergash Shermatning adiblik faoliyati

Ergash Shermat yaqin do’sti Yoqub O’zaltoy bilan.

Buvamiz bilan ilk uchrashuvdayoq u kishining o‘zbek adabiy tilida sof gapirishlarini eshitgan kishi huzur qilar edi. Bu gaplarni men kattalar orasida ko‘p marta eshitganman. Aslida, buvamiz o‘zbek adabiyotini, ayniqsa, klassik adabiyotimizni juda ham sevar edi va bizlarni ham  qo‘limizdan kitob tushmasligiga da’vat qilardilar. U kishining shoirlikka ixlosi baland bo‘lganligi sababli “Buloqboshi” taxallusi bilan ko‘pgina ta’sirli she’rlar yozadi. Men o‘shanda, ular nima sababdan o‘zlariga “Buloqboshi” taxallusini tanlaganlarini ham so‘ragan edim. Buloqboshi taxallusining kelib chiqishi tug‘ilgan qishlog‘i bilan bog‘liq ekan. Buvamning bolaligi o‘tgan joylar buloqlarga boy, sersuv, bahavo bo‘lganligi uchun taxallusini “Buloqboshi” deb qo‘ygan ekanlar. Toshkentdagi uyimizda, buvamlarning 1961-yili Amerikada yozilib, Turkiyada chop etilgan “Gullar makoni” she’riy to‘plami kitobi saqlanmoqda. Uning aksariyat she’rlari xalqimiz ozodligi yo‘lida, mustamlakachilarga qarshi nafrat ruhida yozilgandi. Bu she’rlarni o‘qiganingizda 20-30-yillarda yurt ozodligini kuylagan ulkan bir shoir ko‘z oldingizda gavdalanadi. U o‘z vataniga muhabbatini, yurt taqdiri haqida o‘z fikrlarini she’riy satrlarda “Gullar makoni” to‘plamiga jamlagan. “Ibodatda tilarmiz hurriyatini…” Buloqboshi she’rlarining birida ana shunday go‘zal misra bor. Unda shoirning o‘z yurtiga muhabbati, istiqlol tilagi, imon-e’tiqodi, qullikka qarshi nafrati, umuman barcha samimiy tuyg‘ulari ifoda topgan.

Mana sal kam yigirma yilga yaqin xorijda yashab turibman, lekin, buvamlarning bir ibratli gaplarini dilimda doimo saqlab yuraman: – “Uzoq yillar ayriliqda yurib shunga amin bo‘ldimki, – degan edilar buvamlar, – har bir odam o‘z tilini yo‘qotmasligi, imon-e’tiqodidan, xalqi baxti yo‘lidagi kurash yo‘lidan toymasligi kerak ekan. Ana shunda u o‘z orzusiga erisha oladi. Vatan so‘zi naqadar ulug‘. Lekin uni asramoq undan ham ulug‘dir…”

Mavlon Shukurzoda suhbatlashdi.

Virjiniya, AQSH, 2011-yil.

SHARE