“General Motors Powertrain Uzbekistan” ishga tushdi

Toshkentdagi AQSh elchixonasida “General Motors Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasining faoliyat boshlashi munosabati bilan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda ishtirok etgan zavod bosh direktori Juergen Spendel jurnalistlarga qo’shma korxona faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etdi.

Matbuot anjumanidan so’ng jurnalistlar “General Motors Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga tashrif buyurib, zavod faoliyati bilan bevosita tanishdilar.

Avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqaruvchi “General Motors Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasi AQShning GM kompaniyasi hamda O’zbekistonning “O’zavtosanoat” aksionerlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo’lib, ayni paytda GM 52 %, “O’zavtosanoat” 48 % aksiyaga egalik qiladi.

Joriy yilning 27-iyulida zavodda birinchi dvigatel ishlab chiqarilgan edi. 2011-yilning noyabr oyidan qo’shma korxonaning tijorat liniyasi ishga tushdi. Bu yerda yiliga 225000 ta dvigatel ishlab chiqariladi. 1.2 va 1.5 litrli B-DOHC tipidagi dvigatellar o’zining ekologik jihati bilan ham jahon standartlariga javob beradi.

Dvigatellar uchun detallar asosan Janubiy Koreya va AQShdan keltirilmoqda. Korxona rahbarlari keyinchalik mahalliy mahsulotlardan ham foydalanishlarini ta’kidladilar. Hozircha faqatgina dvigatellarga ishlatiladigan kabellar O’zbekistonda ishlab chiqarilgandir. Ishlab chiqilgan dvigatellarning dastlabki partiyasi “Spark” avtomobillariga qo’yiladi.

“General Motors Powertrain Uzbekistan” mahsulotlari Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Hindistonga eksport qilinishi ko’zda tutilgan.

40 gektar maydonni egallagan zavodda 1200 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. Korxonaning rahbariy xodimlari asosan AQSh fuqarolaridir. 3-tabaqa rahbarlar esa mahalliy xalq vakillaridir. Korxonada asossiy ishni yuqori texnologiyalar va robotlar bajaradi. 600 ga yaqin operatorlar ular faoliyatini nazorat qiladilar. Korxona mutasaddilarining fikricha, operator va ishchilar uchun ingliz tilini bilish shart qilinmagan.

Zavodning o’z elektr stansiyasi, suv tozalash stansiyasi mavjud. Zavod bosh direktori Juergen Spendelning aytishicha, “qo’shma korxona hududida ishlatilib, tashqariga chiqarib yuborilgan suv ham kimyoviy tozalanib, hatto ichimlik suvidan ham toza holatda chiqariladi.”

Qo‘shma korxona Toshkentdagi Turin politexnika instituti bilan hamkorlikda bo’lg’usi GM mutaxassislarini tayyorlashga ko’maklashmoqda.

Davronbek TOJIALIYEV

SHARE